Boks/MMA

Oʻzbekistonlik 5 bokschi finalga chiqdi. 4 nafari bronza medaliga ega boʻldi

Tailand poytaxti Bangkok shahrida havaskor boks boʻyicha Osiyo chempionati yarim final uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Unda jami boʻlib 9 nafar oʻzbekistonlik bokschilar ringga chiqishdi.

-49 kg vaznda Nodirjon Mirzahmedov qirgʻizistonlik Mirlan Turkbai Uuluni magʻlubiyatga uchratgan boʻlsa, -56 kg vaznda Mirazizbek Mirzahalilov filippinlik Pedres Bautistadan ustun keldi. -91 kg vaznda Sanjar Tursunov iordaniyalik Hussayn Iashaishga imkoniyat qoldirmadi.

Kechki dasturda avvaliga -69 kg vaznda Bobo Usmon Baturov hindistonlik Ashishni, +91 kg vaznda Bahodir Jalolov suriyalik Muhammad Mulayesni taslim etdi. Natijada besh nafar oʻzbekistonlik bokschi finalda ishtirok etish imkoniyatini qoʻlga kiritdi.

-60 kg vaznda Shukurjon Rahimov esa vazn toifasi yetakchisi, moʻgʻilistonlik Tsendbaatar Yerdenebatga imkoniyatni boy berib qoʻydi va bronza medallari bilan kifoyalandi.

Ayollar oʻrtasidagi musobaqa Oʻzbekiston terma jamoasi uchun yarim finalda nihoyasiga yetdi. 57 kg vaznda Yodgoroy Mirzayeva taypeylik Yu Ting Linga imkoniyatni boy bergan boʻlsa, -64 kg vaznda Maftuna Meliyeva hindistonlik Kaur Baatga yutqazib qoʻydi. -69 kg vaznda Shahnoza Yunusova esa xitoylik Hong Gu qarshiligini singdira olmadi va uchala qiz Osiyo chempionatining bronza medallariga ega chiqdi.

Jami boʻlib Oʻzbekiston terma jamoasi musobaqada 4ta bronza medalini qoʻlga kiritdi. Besh nafar bokschi endi oltin medallar uchun jang qiladi. Final janglari ertaga boʻlib oʻtadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid