Boks/MMA

Isroil Madrimov chempionlik kamarini himoya qiladigan jang muddati aniq boʻldi

Professional boksning super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Isroil Madrimov (1-0, 1 Ko) professional boksdagi ikkinchi jangini oʻtkazadi.

GoSport.uz internet-nashri manbalari bergan maʼlumotlarga koʻra, Madrimov 9 mart kuni ringga koʻtariladi. Jang Nyu-Yorkdagi Verona shaharchasida joylashgan “Turning Stone Resort & Casino” arenasida boʻlib oʻtadi. Bu jangda chempionlik kamarini himoya qiladi. Hozircha Isroilga kim raqiblik qilishi maʼlum emas. Tez orada sportchi bu borada ham maʼlumot berishini bildirib oʻtdi.

9 mart kuni boʻlib oʻtadigan boks oqshomining asosiy jangida rossiyalik yarim ogʻir (-79,38 kg) vazn toifasining WBA yoʻnalishi chempioni Dmitriy Bivol (15-0, 11KO) amerikalik Jo Smit Juniorga (24-2, 20KO) qarshi chempionlik kamarini himoya qiladi. Shuningdek mazkur boks kechasida super yengil vazn toifasining WBO kamari sohibi amerikalik Mauris Huker (25-0-3, 17KO) asli trinidadlik boʻlgan Mikkel Lespyerga (20-0-1, 9 KO) qarshi kamar himoyasi uchun jang qiladi. Shuningdek, oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Shahram Gʻiyosov (6-0, 5 KO) ham ringga chiqadi.

Mazkur janglar AQSHda DAZN internet platformasi orqali translyatsiya qilinsa, Britaniyada Sky Sports telekanali orqali namoyish etiladi.

Maʼlumot uchun, Isroil Madrimov WBA Intercontinental kamari sohibi sanaladi. U 2018 yilning 24 noyabr kuni debyut jangidayoq meksikalik Vladimir Ernandesni (10-3, 6 KO) oltin raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratib ushbu kamar sohibi boʻlgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid