Boks/MMA

Ahmadaliyev bir yoʻla ikki kamar uchun jang qiladigan boʻldi

Professional boksning birinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyevning (5-0, 4 KO) jahon chempionlik kamari uchun jangi muddati ortga suriladigan boʻldi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Toshkent vaqti bilan 14 fevral kuni WBA shtab-kvartirasi joylashgan Panamada yoʻnalish chempionligi uchun bir necha vazn toifalarida navbatdagi savdolar boʻlib oʻtgan. Ularning biri Murodjon Ahmadaliyev ishtirok etayotgan vazn toifasida amaldagi chempion Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va majburiy daʼvogar Murodjon Ahmadaliyev oʻrtasidagi jangni tashkil qilish boʻyicha ochiq savdo ham bor edi.

Bu safar WBA mazkur jangni savdosini zoq muddatga qoldirddi. Endi Daniel Roman va IBF yoʻnalishi boʻyicha chempion sanalgan Terens Doeni (21-0, 15 KO)bilan kamarlarni birlashtiruvchi jang oʻtkazadi. Mazkur bahs aprel oyida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan. Jang gʻolibi birinchi raqamli daʼvogar Murodjon Ahmadaliyevga qarshi ringga chiqishi lozim boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, Roman-Ahmadaliyev jangi boʻyicha dastlabki ochiq savdo 6 fevral kuni tashkil etilgan va oʻshanda mazkur masala bir hafta ortga surilgandi.

Ahmadaliyev promouterlik kompaniyasi vakillarining GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qilishicha, endilikda Murodjon ikkita kamar uchun jang qilishdan oldin WBA Intercontinental kamarini yana bir marotaba himoya qiluvchi jangda ishtirok etadi. Jangning muddati va joyi va raqib haqida tez orada maʼlumot beriladi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid