Boks/MMA

Aliyor Noraliyevga nima boʻlgandi? Bokschi bilan yuz bergan dahshatli voqea haqida

Havaskor boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, -64 vazn toifasida Ozarboyjondagi ”Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turnirida ishtirok etgan Aliyor Noraliyev janglarning birida jarohat olib, hushini yoʻqotgani va tez tibbiy yordam xodimlari yordamida shifoxonaga olib ketgani haqida xabar bergandik. Musobaqa yakunlangach, Oʻzbekistonga qaytgan bokschining oʻzi bilan mazkur voqea yuzasidan intervyu oldik.

”Ozarboyjonlik bokschiga qarshi birinchi jangimning birinchi raundidayoq raqib bilan boshimiz qattiq toʻqnashib ketdi. Oʻsha vaqtda qisqa tanaffusdan soʻng oʻzimga kelib, jangni davom ettirdim. Raqib ustidan gʻalaba qozonib, allaqachon keyingi jangga oʻzimni tayyorlayotgandim. Kiyimlarimni almashtirib zalga qaytganimda oʻzimni biroz yomonroq his qildim va tashqariga chiqishga qaror qildim. Ammo tashqarida ham biroz oʻzimni yomon his qila boshladim. Koʻzim oldi qorongʻilashib keta boshladi. Yiqilishimni his qilib shifokorlar yoniga qarab yura boshladim. Lekin ulgurmadim… Qolganini eslolmayman.

Koʻzimni ochsam Bokudagi shifoxonaning reanimatsiya boʻlimida yotibman. Nima boʻlganini avvaliga tushunmadim. Keyin soʻrasam, hushimni yoʻqotganim, tilim orqaga ketib qolganini aytishdi. U yerda ham shifokorlar tekshirishdi. MRT qilishdi. Ilgari ham kichik jarohatlar olganim bu safargi jiddiy jarohatga taʼsir qilganini aytishdi.

Toshkentga kelib oldik. Endi reja boʻyicha bu yerda ham MRT qiladigan boʻldik. Rentgen ham qildirib keyin shifokorlar bilan maslahatlashib, yana ishlashda davom etamiz, hozircha esa taxminan ikki oy davomida boks bilan shugʻullanmasligim kerakligini aytishdi”, deya gapirib oʻtdi Noraliyev GoSport muxbiri bilan telefon orqali suhbatda.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid