Boks/MMA

Bektemir Meliqoʻziyev debyut oldidan tarozidan oʻtdi. Erta tongda jang

Professional boksning super oʻrta (-76,2 kg) vazn toifasida faoliyati olib borishni rejalashtirayotgan oʻzbekistonlik Bektemir Meliqoʻziyev debyut jangidan oldin tarozidan oʻtdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri muxbiri xabar bermoqda.

Bektemir marosimda 173 funt (78,4 kg) vaznda qayd etildi. Uning raqibi argentinalik Martin Fidel Rios (23-19-4, 13 KO) esa 166,8 funt (75,3 kg) vaznda qayd qilindi. Promouterlar reyting jangida 173 funtgacha vazn boʻyicha kelishib olishgandi. Ikkala bokschi ham bu talabni bajardi.

Eslatib oʻtamiz, Bektemir Meliqoʻziyev 13 iyun kuni (Toshkent vaqti bilan 14 iyun kuni tongda) Los-Anjelesda, Hollivud shahridagi “The Avalon” saroyida professional boksdagi ilk jangini oʻtkazadi. Jang 6 raundga moʻljallangan boʻladi.

Uning raqibi argentinalik 27 yoshli Martin Fidel Rios professional boksda 46ta jang oʻtkazgan boʻlib, ularning 13tasida turli darajadagi mintaqaviy chempionlik kamarlari uchun ringga chiqqan. Ularning oltitasi kamarni qoʻlga kiritgan boʻlsa, yetti marta chempionlik janglarini boy bergan.

Qoʻshimcha maʼlumot oʻrnida, Rios 2017 yilda oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Azizbek Abdugʻofurovga qarshi 10 raundlik jangda ishtirok etib, ochkolar hisobiga koʻra, imkoniyatni boy berib qoʻygan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid