Boks/MMA

Chempion oʻz kamarini himoya qiladi

Professional boksning yengil (-61,2 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Ravshanbek Umurzoqov (8-0, 7 KO) may oyida oʻzining chempionlik kamarini himoya qiladi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, 18 may kuni Umurzoqov WBA Asia chempionlik kamari himoyasi uchun Janubiy Afrika Respublikasi bokschisi Entoni Moloyzanega (11-3-1, 7 KO) qarshi ringga chiqadi. 10 raundga moʻljallangan mazkur jang Rossiyaning Yekaterinburg shahrida joylashgan RMK yakkakurashlar akademiyasi boks saroyida boʻlib oʻtadi.

Mazkur boks oqshomida oʻzbekistonlik yana ikki bokschi yengil vazn toifasi vakili Elnur Abduraimov (4-0, 4 KO) va ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili Sardor Muzaffarov (4-1, 2 KO) ham oʻzlarining navbatdagi janglarini oʻtkazishi koʻzda tutilgan. Elnurning raqibi hozircha maʼlum emas, Sardorga esa tojikistonlik Asror Vohidov (2-0, 1 KO) raqiblik qiladi.

Mazkur boks oqshomi toʻliqligicha Rossiyaning BOKS TV telekanali orqali translyatsiya qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Ravshanbek Umurzoqov soʻnggi marta 13 aprel kuni Moldovada WBA Asia chempionlik kamari uchun jangda filippinlik Roberto Gonsalesga (28-5, 17 KO) qarshi ringga chiqib, raqibini ikkini raundda nokautga uchratishi evaziga mazkur chempionlik kamarini qoʻlga kiritgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid