Boks/MMA

Elnur Abduraimovning boʻlajak jangidagi raqibi aniq boʻldi

Professional boksning yengil (-61,2 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Elnur Abduraimov (3-0, 3 KO) 23 mart kuni oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazishi haqida xabar bergandik.

GoSport.uz internet-nashri manbalari bergan xabarga koʻra, Elnurga toʻrtinchi jangida rossiyalik Dmitriy Xasiyev (8-1-2, 2 KO) raqiblik qiladi. Jang Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi RMK yakkakurashlar akademiyasi sport saroyida boʻlib oʻtadi. Barcha raqiblarini muddatidan oldin magʻlub etib kelayotgan oʻzbekistonlik bokschi bu safar olti raundga moʻljallangan jangda ishtirok etadi.

Mazkur boks kechasining asosiy jangida asli tojikistonlik, Rossiya nomidan ishtirok etayotgan Shavkatjon Rahimov (13-0, 10 KO) super yarim yengil (-58,97 kg) vazn toifasidagi IBO chempionlik kamari uchun janubiy afrikalik Rofiva Maemuga (18-7-2, 12 KO) qarshi ringga chiqadi. Mazkur boks oqshomi toʻliqligicha Rossiyaning BOKS TV telekanali orqali translyatsiya qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Elnur Abduraimov professional boksdagi dastlabki ikkita jangini AQSHda oʻtkazgan. Soʻnggi jangini esa 10 noyabr kuni aynan Yekaterinburgda braziliyalik Aelio Meskitaga (17-4, 15 KO) qarshi oʻtkazib, birinchi raunddayoq raqibini nokautga uchratgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid