Boks/MMA

Fazliddin Gʻoibnazarov “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi“ unvoni bilan taqdirlandi

Rio olimpiadasi chempioni, ayni vaqtda professional boksda faoliyat olib borayotgan bokschi Fazliddin Gʻoibnazarov “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Bokschi “mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlar oʻrtasida olimpiada harakatini targʻib etishdagi faol ishtiroki, Rio-de-Janeyro (Braziliya) shahrida boʻlib oʻtgan XXXI yozgi Olimpiada oʻyinlaridagi yuksak sport mahorati va mardligi, xalqaro sport maydonlarida Oʻzbekistonning nufuzi va obroʻ-eʼtiborini oshirishga qoʻshgan hissasini inobatga olib mazkur unvon bilan taqdirlandi“, deyiladi vazirlik xabarida.

Taniqli sportchiga mazkur mukofotni Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev topshirdi.

Eslatib oʻtamiz, Fazliddin Gʻoibnazarov 19 yanvar kuni Nyu-Yorkda dominikanlik bokschi Rikardo Garsiyaga qarshi jang oʻtkazib, raqibini muddatidan oldin taslim etib, gʻalaba qozongandi. U hozirgacha professional boksda oʻtkazgan barcha yettita jangida gʻalaba qozongan, toʻrt marta raqiblarini nokautga uchratgan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid