Boks/MMA

Isroil Madrimov keskin qarorga keldi. Endi u havaskor boksda boshqa jang qilmaydi

Professional boks boʻyicha super oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik bokschi Isroil Madrimov havaskor bokschilar oʻrtasidagi Osiyo chempionatidagi muvaffaqiyatsizlikdan soʻng kutilmagan bayonot bilan chiqdi. Bu haqda u GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

“Shu bilan boʻldi azizlar, men boshqa havaskor boksda ringga tusha olmayman! Kim shu paytgacha meni, yaʼni bizni qoʻllab-quvvatlab kelayotganlar uchun chin yurakdan oʻz minnatdorchiligimni bildiraman. Havaskor boksda shunaqa narsalar xam boʻlib turadi, men bugungi jangni yutdim, buni hamma biladi meni yutganimni koʻrishdi, afsuski bu holat meni havaskorlik karyeramga nuqta qoʻydi. Hayot davom etadi, yana oldinga intilishda davom etamiz, men gʻurur bilan oʻz jonajon, jannatmakon Oʻzbekistonimni xalqaro maydonda himoya qilaman, faqat professional ringda.

Men ishonch bilan aytaman professional ringda menga tegishli narsani hech kimga bermayman. Men professionalman, interkontinental yoʻnalishda chempionman, tez kunlarda hamma kamarni yutib olaman, Inshaalloh! Bitta yulni tanlash menga ham shu maqsadimga yetishga yordam beradi! Sizlarni yaxshi koʻraman!”, deya gapirib oʻtdi Madrimov.

“Jahon chempionatida Troy Isliga (amerikalik bokschiga qarshi 2017 yilgi Hamburgdagi jahon chempionatidagi jang nazarda tutilyapti — GoSport.uz izohi) qarshi jangdan keyin ham oʻzi havaskor boksdan butunlay ketish haqida gapirgandim. Lekin mana shu olimpiada chempioni boʻlish orzusi sabab qaytgandim. Lekin bugungi jangdan keyin boshqa chiday olmayman. Umid qilamanki, bugungi hakamlarning qarori meni professional boksda yanada kuchliroq boʻlishimga turtki beradi. Buni isbotlayman”, deya gapirib oʻtdi Isroil GoSport muxbiri bilan suhbatda.

Eslatib oʻtamiz, Osiyo chempionatining chorak final uchrashuvida Madrimov qozogʻistonlik Tursinbay Qulahmetga qarshi jangda hakamlarning turlicha qarorlari evaziga magʻlubiyatga uchragandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid