Boks/MMA

Isroil Madrimov oʻta jiddiy raqibga qarshi ringga chiqadi

Professional boksning super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Isroil Madrimov (1-0, 1 KO) professional boksdagi ikkinchi jangini oʻtkazishi haqida xabar bergandik.

Sportchining GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qilishicha, Madrimov 9 mart kuni Nyu-Yorkdagi Verona shaharchasida joylashgan “Turning Stone Resort & Casino” arenasida boʻlib oʻtadigan boks kechasida WBA Intercontinental chempionlik kamarini himoya qiladi. Isroilga bu jangda venesuelalik Frenk Roxas (24-2, 23 KO)raqiblik qiladi.

9 mart kuni boʻlib oʻtadigan boks oqshomining asosiy jangida rossiyalik yarim ogʻir (-79,38 kg) vazn toifasining WBA yoʻnalishi chempioni Dmitriy Bivol (15-0, 11KO) amerikalik Jo Smitga (24-2, 20KO) qarshi chempionlik kamarini himoya qiladi. Shuningdek mazkur boks kechasida super yengil vazn toifasining WBO kamari sohibi amerikalik Mauris Huker (25-0-3, 17KO) asli trinidadlik boʻlgan Mikkel Lespyerga (20-0-1, 9 KO) qarshi kamar himoyasi uchun jang qiladi.

Mazkur janglar AQSHda DAZN internet platformasi orqali translyatsiya qilinsa, Britaniyada Sky Sports telekanali orqali namoyish etiladi.

Maʼlumot uchun, Isroil Madrimov WBA Intercontinental kamari sohibi sanaladi. U 2018 yilning 24 noyabr kuni debyut jangidayoq meksikalik Vladimir Ernandesni (10-3, 6 KO) oltinchi raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratib ushbu kamar sohibi boʻlgandi. Ayni vaqtda Isroil WBA reytingida 9-oʻrinda bormoqda.

Roxas professional boksda nom qozongan bokschi sanaladi. Oʻtgan yilning aprel, may iyun oylarida yarim oʻrta (-66,68 kg) vzan toifasida WBA reytingida 5-oʻrinda borgan. U 2018 yilning 9 iyun sanasida mazkur yoʻnalish chempionlik kamari uchun birinchi raqamli daʼvogarni aniqlab beradigan jangda amerikalik Xose Benavidesga (27-1, 18 KO) qarshi ringga chiqib, imkoniyatni boy berib qoʻygandi. Endilikda u super yengil vazn toifasida ishtirok etmoqda.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid