Boks/MMA

Yilning eng muhim jangida Qudratillo Abduqahhorov voz kechgan kamar ham oʻynaladi

Professional boksning yarim oʻrta (-66,68 kg) vazn toifasidagi IBF chempionlik kamari uchun jangda kamar sohibi amerikalik Errol Spens (24-0, 21 KO) yengil (-61,2 kg) vaznda WBC yoʻnalishi chempioni boʻlib turgan va vazni bir yoʻla ikkita vaznga oshirayotgan Mayki Garsiyaga (39-0, 30 KO) qarshi ringga chiqadi.

Mazkur jang gʻolibi vazn toifasidan qatʼiy nazar (P4P — Pound for pound reytingi) dunyoning birinchi raqamli bokschisiga aylanishi kutilmoqda. GoSport.uz internet-nashri muxbiri xabariga koʻra, aynan mana shunday nufuzli jang kechasida oʻzbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov (15-0, 9 KO) oʻtgan yilning oktyabr oyida voz kechgan WBC Silver kamari ham oʻrtaga qoʻyiladi.

Eslatib oʻtamiz, Qudratillo Abduqahhorov 2017 yilning 25 mart kuni Singapurda zimbabvelik Sharles Manyushini (22-4-1, 13 KO) birinchi raunddayoq nokautga uchratib, mazkur kamarni ilk marta qoʻlga kiritgan va soʻnggi marta 2018 yilning 17 mart kuni vengriyalik Laslo Totga (27-4-1, 1 KO) qarshi himoya qilgandi. Shundan soʻng asosiy chempionlik kamari uchun jang qilish istagida Abduqahhorov oktyabrda bu kamardan voz kechgandi.

2018 yilning 10 oktyabr kuni Jessi Vargas (28-2-2, 10 KO) va Tomas Dyulorm (24-3-1, 16 KO) vakant turgan mazkur kamar uchun jang qilgan, biroq bahsda durang natija qayd etilgani sabab, kamar yana egasiz qolgandi.

Endilikda bu kamari “yil jangi” deb eʼtirof etilayotgan jangda oʻrtaga qoʻyiladi. Eslatib oʻtamiz, Spens-Garsiya jangi 16 mart kuni Texas shtatining Arlington shahrida joylashgan mashhur AT&T Stadium oʻyingohida boʻlib oʻtadi. Amerikacha futbol vakili boʻlgan “Dallas Kovboyz” jamoasiga tegishli mazkur stadion 100 ming muxlisni oʻz bagʻriga sigʻdira oladi. Boks toʻqnashuvi paytida bu miqdori yanada koʻpayishi mumkin boʻladi.

Maʼlumot uchun, Qudratillo Abduqahhorov 30 mart kuni Filadelfiyada yaponiyalik Keita Obaraga (20-3-1, 18 KO) qarshi ringga chiqadi. Bu jang gʻolibi, aynan Spens-Garsiya jangi gʻolibiga qarshi jang gʻolibiga qarshi majburiy birinchi raqamli raqibga aylanadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid