Boks/MMA

Muxlislar nega aldandi? Shohjahon Ergashevning profi-boksdagi gʻalati qadamlari haqida

Oldinga oʻtib bir narsani aytib oʻtay bu maqolani yozishdan koʻra, yozmaslikka koʻproq harakat qilgandim. Taxminan bir yilcha oldin shunday maqola yozish gʻoyasi tugʻilgan boʻlsada, doim bu fikrdan qaytishga uringanman. Chunki barcha oʻylaganlarim xato boʻlib chiqishini istardim. Afsuski har safar aksincha boʻlib chiqaverdi. Soʻnggisi oʻtgan hafta oxirida sodir boʻldi.

2016 yilgi Rio olimpiadasi oʻzbek boksi uchun butunlay yangi davrni boshlab berdi desak yanglishmagan boʻlamiz. Oʻsha avgust Oʻzbekistonda birinchi raqamli sport turi qaysi degan savolni ham oʻrtaga chiqargandi. Boksga boʻlgan qiziqish keskin ravishda oshgandi. Oʻzbek bokschilariga boʻlgan eʼtibor ham xuddi shu darajada oʻsgandi. Aynan oʻsha pallalarda oʻzbek professional boksida yangi nom — Shohjahon Ergashev paydo boʻldi. Avvaliga “17 yoshli nokautchi” nomi bilan internetda dong taratgan bu bokschi koʻpchilikning ogʻziga tushdi.Oʻshandan keyin bu sportchi haqida maʼlumot toʻplash niyatida internet orqali qidiruvlar berdim. Bokschilarning statistikalari, barcha natijalari haqida toʻliq maʼlumotni topish mumkin boʻlgan Boxrec portali orqali uning yoshi (oʻsha vaqtda Ergashev 25 yoshda edi) kattaroq ekani, Rossiyada janglarda ishtirok etishini aniqladim. Bu orada oʻzbek sport nashrlari u haqida bot-bot yoza boshlagandi. Oʻshanda eʼtibor qaratganim, negadir Shohjahonning oʻziga tayanib matbuotda uning janglari soni bittaga koʻpaytirib berilar, ammo Boxrecʼda bu koʻrsatkich bitta kam chiqardi. Agar rostan qiziqsangiz, eski arxivdagi xabarlarini bir izlab koʻring: masalan Shohjahonning nisbatan jiddiyroq ilk jangi – Sonni Fredriksonga (21-1, 14 KO) qarshi jang uning faoliyatidagi 11-jangi boʻlgan. Lekin deyarli hamma xabarlarda bu 12-jang sifatida koʻrsatilgandi.

Keyingi ham xuddi shunday sanoqda davom etgan. Faqat Maykal Foksga qarshi janggacha. Ishi faqat gʻalabani yozish, bevosita aloqador boʻlmasa ham professional boksdagi gʻalabalarni (albatta magʻlubiyat yozilmaydi) doim yoritib boradigan Milliy olimpiya qoʻmitasi rasmiy saytidagi Shohjahon haqidagi xabarlarni oʻqib koʻring. Hammasida shunaqa – albatta bitta jang koʻpaytirib koʻrsatib kelingan. Yuqorida aytganimdek, Foks bilan jangdan keyin negadir hisob-kitoblar toʻgʻri boʻlib qoldi.

Qisqasi mana shu holat boshida menga biroz gʻalati koʻringandi. Texnik xatodir, aldashmayotgandir deb koʻpam eʼtibor bermadim. Ammo Shohjahonning keyingi faoliyati haqidagi xabarlar borgan sari gʻalatilashib boraverdi. Ehhe, u haqda qanday xabarlar chiqmadi deysiz, uning qoʻli sinsayam, ringga chiqqani haqida yozishdi, Moskvadagi janglari asosiy sport kanali “Match TV”, “Boks Tv” kanallari orqali namoyish etilishini yozishdi. Singan qoʻli haqida aniq maʼlumotga ega boʻla olmadikku, lekin “Match TV” haqidagi gaplari doim xato boʻlib chiqaverdi. Bunga oddiy misol – Juma Vasvaga qarshi jangi. Oʻsha vaqtlardagi afishalarni bir qidirib koʻring…

Albatta, bular bir qarashda juda mayda mavzular. Ammo yuqorida aytganimdek, barchasi faqat shular bilan tugaganida bu maqola hech qachon hayot yuzini koʻrmagan boʻlardi. Soʻnggi oylarda yana yolgʻonlar avj oldi. Tushunarli, har bir sportchi uchun “piar” kerak. Ular oʻzlarini reklama qilishi, keng ommaga yoyishga urinishi normal holat. Xorij tajribasida ham bu anʼanaviy holatga aylangan. Sport bu biznes. Istaymizmi yoʻqmi bunda pulning roli juda katta. Birinchi oʻrinda ham desa boʻladi. Shohjahon va uning promouterlari shu maʼnoda reklama uchun harakat qilgan boʻlishlari mumkin. Ammo reklama faqat yolgʻondan iborat boʻlib qolsachi? Afsuski, oxirgi vaqtlarda Shohjahon haqidagi xabarlarning barchasi oxir-oqibatda yolgʻon boʻlib chiqaverdi, chiqaverdi…

Keling ularni birma-bir sanashni boshlaymiz.

2018 yilning oxirlaridan boshlaymiz. Shohjahon navbatdagi janglarini oʻtkazganidan keyin Oʻzbekistonga qaytdi va doimgidek bir qator nashrlarga intervyu berdi. Oldin ham doimiy ravishda tez orada “jahon chempionligi kamarini tez orada Oʻzbekistonga olib kelaman” (birinchi marta bu intervyu berganiga ham adashmasam, yil boʻldi. Lekin oʻsha “tez orada” haligacha kelmayapti) deyishni kanda qilmaydigan Shohjahon bu safar IBF International chempionlik kamari uchun ringga chiqishini aytdi. YouTube tarmogʻidagi asosan shou-biznes vakillari bilan suhbatlashadigan bloger bilan suhbatini koʻring, TVga bergan intervyularini koʻring, hammasida bu haqda aytgan. Ammo undan keyin u ikkita jang oʻtkazdi hamki, kamar uchun jang qilmadi. Sportchining oʻzi ogʻzi bilan aytgani uchun deyarli barcha nashrlar bu haqda yozgandi. Ammo bu xabar ham yolgʻon boʻlib chiqdi. Umuman olganda, Shohjahonning birinchi chempionlik kamari haqidagi xabar 2017 yilning yozida chiqqandi. Oʻshandayoq saytlar uning Rossiyada chempionlik kamari uchun jang qilishi haqida yozgandi, ammo yakunda u faoliyatidagi 6ta jangning 5tasida yutqazgan, Shohjahondan keyin umuman ringga qaytib chiqmagan tojikistonlik bir bokschi bilan jang qilgandi.

Keyingi xabar uning Maykal Foksga qarshi jangidan soʻng chiqdi. Aeroportda kutib olingan Ergashev TV qarshisida hali eʼlon qilinmagan WBA reytingida birinchi oʻringa chiqqaniniaprel oyida WBA jahon chempionlik kamari vakant boʻlishi va u chempionlikka birinchi raqamli daʼvogar sifatida ringga chiqishini eʼlon qilib yubordi. Bunga oddiy muxlis ishonishi va xursand boʻlishi mumkin, ammo boksni chuqurroq tushunadigan muxlis bunga ishonmagani aniq.

Tushuntiraman. Shohjahon ringga chiqayotgan super yengil (-63,5 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari oʻsha vaqtlarda belaruslik Kirill Relixga tegishli edi. U prof-boksdagi yangicha formatdagi turnir Butunjahon boks super seriyalari (WBSS) musobaqasida ishtirok etayotgan chorak finaldagi gʻalabasi evaziga endi yarim finalda AQSH vakili Rejis Progrega qarshi jangga chiqishi kerak edi. Jang gʻolibi esa finalda eng yaqini bilan sentyabrda (hozirgi vaqtda final sentyabrdan ham kechikishi kutilmoqda) IBF chempionlik kamarini birlashtiruvchi jangda ishtirok etishi lozim edi. Tushunyapsizmi, bir soʻz bilan aytganda, Shohjahon reytinglarda boʻlgan ikkala yoʻnalishda ham chempionlik uchun janglar kamida 2019 yil yakuniga qadar band. Ammo Shohjahon, bilmadim, balki promouterlariga ishonibmi, yoki oʻzi shunchakimi, aprelda chempionlik uchun jang qilishini aytib yubordi va kutilganidek aprelda hech qanday jang boʻlmadi.

Oradan koʻp oʻtmadi. 1 mart kuni WBA yangilangan reytingi eʼlon qilindi va unda Shohjahon reytingda bor-yoʻgʻi bir pogʻona koʻtarilib 4-oʻringa joylashgani maʼlum boʻldi. Ammo shunda ham u turli tadbirlarda mashhur sharhlovchilar nomidan birinchi raqamli sifatida eʼlon qilinaverdi. Keyinroq oʻsha xabarlarni oʻzlari koʻrishgandir, jim boʻlib ketishdi. 2018 yilda WBA International kamari qoʻlga kiritilganidan keyin u kamarni biror marta himoya qilmagan va kamar undan olib qoʻyilgandi. Faqatgina matbuot buni ancha vaqt oʻtib yozganidan keyin uning tanishtiruvlarida bu unvon qoʻshilmaydigan boʻlgandi.

Keyingi xabar Ergashevning mashhur promouter Freddi Rouch bilan ishlashi haqida boʻldi. Afsonaviy Menni Pakyaoning sobiq ustozi Shohjahonni chempionlik jangiga tayyorlashi haqida hamma saytlar yozdi. Koʻpa oʻtmay Shohjahonning oʻziga bu borada savol berishganida u hali birinchi xabar sovimay ikkinchi xabarni berdi: “Menga Rouch varianti yoqmayapti, bu promouterlarimning tanlovi, men Gennadiy Golovkinning ustozi Abel Sanches bilan ishlamoqchiman”. Afsuski bu ikki gap aytilganidan buyon uch oy oʻtar-oʻtmas, bu ham yolgʻon maʼlumot boʻlib chiqdi. Shohjahon Abel Sanches tugul, oʻzi xushlamay turgan Freddi Rouch bilan ham ishlamadi. Hattoki Amerikaga ham bormadi. Mazkur maqola yozilayotgan vaqtda internetdan u Abel Sanches bilan ishlamoqchi ekani haqida xabarni qidirdim. Ishonasizmi, 2017 yilning yozidagi xabar chiqib qoldi. Oʻshanda Ergashev AQSHga birinchi marta ketayotgani va u yerda Abel Sanches unga ustozlik qilishini aytgan va buni saytlar xabar sifatida yozgan ekan… Oʻsha vaqtlarda bir necha yengilmas bokschilarga qarshi ringga chiqish haqida ham xabarlar berilgan, lekin oʻsha janglarning birortasi ham oʻtkazilmagan.

Eng soʻnggisi oʻtgan haftada maʼlum boʻldiAvvaliga Shohjahon oʻzi Rossiyada vaqti hamkorlik qilayotgan YouTube tarmogʻidagi ommabop kanallardan birida puerto-rikalik yengilmas Danielito Sorriyyaga qarshi ringga chiqishi haqida xabar tarqatdi. Xabarlarda puerto-rikalik bokschi Moskvaga kelishi eʼlon qilindi va eng qimmat 50 dollardan boʻlgan chiptalarni sotishdi. Ammo jangga bir kun qolganida goʻyoki “Sorriyyaning tobi qochib qolgani” aytilib, u kelolmasligini bildirishdi. Albatta prof-boksda janglarning bekor boʻlish holati tez-tez uchrab turadi. Bunga ajablanmaslik mumkindir, ammo sinchkov muxlis internet rivojlangan zamonda hamma narsani bilib olishi mumkin. Sorriyyaning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini kuzatsangiz, undan bir yoki ikki hafta oldin ham hattoki Moskvaga kelish rejasi ham boʻlmaganini payqash mumkin. U postlarining birida 15 iyun kuni Amerikada ringga chiqishiga ham ishora qilib ketgan. Lekin Shohjahon uni bir kun qolganida betob boʻlib qolgani uchun kelmaganini aytyapti. Ergashev shu kuni familiyasi hazillarga sabab boʻlgan navbatdagi “oʻtkinchi” raqibga qarshi 6 raundlik jang oʻtkazdi. Lekin bu jang biz yuqorida eslagan eng asosiy boks portali Boxrec natijalar boʻlimidan oʻchirib tashlangan. Yaʼni jang rasmiy maqomda emasligi qayd etilgan.

Bir narsani yaxshi tushunaman. Sportda biror natijaga, biror mavqega erishishning oʻzi boʻlmaydi. Nohaqliklar, yana boshqa qator sabablar tufayli koʻplab iqtidorlar oʻzini koʻrsata olmasdan, faoliyatini tugatib, tirikchilik uchun boshqa kasblarga oʻzini urishga majbur boʻlishadi. Shohjahon ham koʻp bora aytganidek havaskor boksda nohaqliklarga uchragandir. Bunisini yaxshi bilmayman ochigʻi. Shunday holatida u prof-boksga oʻtib, bugun Oʻzbekistonga yetarlicha muxlisga ega bokschiga aylana oldi. Nom chiqardi. “Qoʻlingdan kelsa, sen ham shu darajaga chiq” deyishni yaxshi koʻradiganlar koʻp, buni bilamiz. Lekin bir narsani unutmaslik lozimki, hamma oʻz ishida “qoʻlidan kelganini qiladi”. Men Shohjahonning qanday bokschi ekani haqida gapirmayapman. Uning iqtidoriga shubha yoʻq. Yuqorida koʻtarilgan mavzu, uning atrofida, ringdan tashqaridagi gʻalati, aytish mumkin boʻlsa isbotlanmagan bayonotlari haqida edi.

Shohjahonning kelgusida rostdan ham jahon chempionlik kamari uchun chiqishini men ham sizdan, har bir muxlisdan koʻproq istayman, xohlayman. Chunki bu oʻzbek sportining yutugʻi boʻladi. Oʻzbek sportining bunday darajadagi yutugʻidan faxrlanish kerak, albatta. Ammo buni barchasini maydonda, ringda koʻrsatib isbotlash chiroyliroq boʻlardi. Muxlislarni, ommani aldab emas. Bugungi muxlisni aldab boʻlmaydi.

Yuqorida avvaliga bu maqolani yozishni istamaganimni aytdim. Umid qilamanki, nega baribir yozishga qaror qilganimni tushungandirsiz. Faqat birgina sportchi qisqa faoliyatini butun boshli tanqidiy maqola qilib yozish ham toʻgʻri emas, deganlar topilishi mumkin edi. Ammo bu gaplar toʻxtamagach, davom etgach yozmasam boʻlmasligini tushunib yetdim. Maqola orqali kimnidir yomon koʻrsatish niyatim yoʻq. Shunchaki mavjud aniq faktlar va uning oqibatlarini sanashga harakat qildim. Bor gap shu.

Tilagimiz, Shohjahon nihoyat chempionlik uchun jang qilsin, gʻalaba qozonsin. Lekin buning uchun yolgʻon xabarlar bilan muxlisni aldash shart emas. Bugun chempionlik uchun kurashish imkoniyati yoʻq boʻlsa, reyting janglarini davom ettiraversin, vaqti kelganda, imkoniyat boʻlganda chiqsin va oʻshanda haqqoniy axborotlarni tarqatsin. Oʻshanda Shohjahon chempionlik kamarini qoʻlga kiritsa birinchi boʻlib oʻzim uni tabriklab maqola yozishga vaʼda beraman. Yolgʻonlarni chetga surib, jiddiylashish vaqti allaqachon kelgan.

Azim Abdusalomov

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid