Boks/MMA

Murodjon Ahmadaliyevning boʻlajak raqibini aniqlab beruvchi ikkita kamar uchun jang muddati maʼlum boʻldi

Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili sanalgan Murodjon Ahmadaliyevning (5-0, 4 KO) boʻlajak raqibini aniqlab beradigan jang muddati belgilandi. Bu haqda GoSport.uz muxbiri xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, mazkur vaznning WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangi 26 aprel kuni boʻlib oʻtishi belgilandi. Jang Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazinolar markazi Forum saroyida boʻlib oʻtadi.

Eslatib oʻtamiz, WBA reytingida yetakchilik qilayotgan Murodjon Ahmadaliyev Daniel Romanga qarshi majburiy jang oʻtkazishi lozim edi. Roman kamarlarni birlashtiruvchi jangda ishtirok etishini bildirgach, WBA kelgusida Murodjon Ahmadaliyevga qarshi majburiy jang oʻtkazilishi sharti bilan mazkur bitimga rozi boʻlgandi. Roman-Doeni jangi belgilangach, WBA mazkur jang gʻolibi 90 kun ichida Murodjon Ahmadaliyevga qarshi ringga chiqish majburiyatiga ega boʻlishini eʼlon qildi.

Inglvudda boʻlib oʻtadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid