Boks/MMA

Murodjon Ahmadaliyevning navbatdagi jangi muddati aniq boʻldi

Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4 KO) aprel oyida oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazadi. Bu haqda sportchi GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

Unga koʻra, Murodjon 26 aprel kuni navbatdagi jangi uchun ringga koʻtariladi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi maʼlum emas. Jang Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida boʻlib oʻtadi.

Ahamiyatli tomoni, boks kechasining markaziy jangida Murodjon jang qiladigan vaznning WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangi ham aynan oʻsha kuni, oʻsha saroyda boʻlib oʻtadi.

Mazkur jang gʻolibi 90 kun ichida aynan Murodjon Ahmadaliyevga qarshi majburiy jang oʻtkazishi lozim boʻladi. Bundan koʻrinib turibdiki, Murodjon Ahmadaliyev oʻsha kuni jang oʻtkazish bilan birga, boʻlajak raqibini aniqlab beradigan toʻqnashuvni bevosita kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.

Eslatib oʻtamiz, mazkur boks oqshomida oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Shahram Gʻiyosov (7-0, 6 KO) ham ringga koʻtariladi.

Inglvudda boʻlib oʻtadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.

 

Boks haqida eng muhim xabarlarni birinchi boʻlib @Gosportuz telegram sahifasi orqali kuzatib boring! Bizga qoʻshiling!

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid