Boks/MMA

Murodjon Ahmadaliyev jahon chempionligi uchun ringga chiqadi

Professional boksning birinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4KO) WBA jahon chempionligi uchun ringga chiqishi lozim. Bu haqda uning promouterlari GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

Manba bergan maʼlumotlarga koʻra, Murodjon Ahmadaliyev va mazkur yoʻnalish boʻyicha chempion, amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) promouterlari jangni tashkil qilish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Jang boʻyicha kelishuv uchun soʻnggi muddat 6 fevralgacha deb belgilab qoʻyilgan. Agar tomonlar 48 soat davomida kelisha olishmasa, WBA shtab-kvartirasi sanalgan Panamada jangni tashkil qilish uchun ochiq savdo boshlanadi.

Savdoning birinchi sharti jang mukofot jamgʻarmasining minimal qiymati 120 ming dollarni tashkil etishi kerak boʻladi. Bunda amaldagi chempion sovrin jamgʻarmasining 75 foizini qoʻlga kiritsa, daʼvogar 25 foiz pulga egalik qiladi. Bu degani jang tashkil qilinsa, Murodjon Ahmadaliyev eng kamida 31 250 dollar miqdorida mukofotga ega boʻladi.

GoSport.uz “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi menejeri Vadim Kornilov bilan bogʻlanganida mutaxassis bu borada ishlar olib borilayotganini maʼlum qildi. “Roman bilan boʻlajak jang muzokaralari qanday tus oladi, hozircha biror narsa deya olmayman. Masalan Roman jangni boshqa muddatga kechiktirish uchun, boshqa jangni tanlashi mumkin, yoki boshqa yoʻnalish chempionlari bilan kamarlarni birlashtiruvchi jang oʻtkazishni istab qolishi mumkin.

Ammo, biz aynan mana shu yilda Murodjon titul jangi uchun ringga chiqishiga umid qilmoqdamiz. Muzokaralar davom etyapti. Maʼlum sabablar bilan bu jang kechikishi mumkin. Lekin, eng asosiy maqsadimiz — shu yil Murodjonning titul uchun jang qilishi”, deya gapirib oʻtdi Kornilov.

Eslatib oʻtamiz, Murodjon Ahmadaliyev WBA Intercontinental chempionlik kamari sohibi sanaladi. U soʻnggi marta 2018 yil 24 noyabr kuni Ayzek Sarateni (16-4-3, 2KO) 9-raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgandi. Shu jangdan soʻng u reytingda birinchi oʻringa koʻtarilib olgan. Fevral oyidagi reytingda ham u birinchi oʻrinni saqlab qolgach, Roman bilan titul jangi uchun birinchi raqamli daʼvogar nomini saqlab qolgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid