Boks/MMA

Murodjon Ahmadaliyevning chempionlik kamari uchun jang savdosi kechiktirildi, u endi bir yoʻla ikkita kamar uchun jang qilishi mumkin

Professional boksning birinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4KO) WBA jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqishi boʻyicha savdo muzokaralari bir haftaga kechiktirildi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Ahmadaliyev va mazkur yoʻnalish boʻyicha chempion, amerikalik Daniel Romanga (26-2-1, 10 KO) qarshi jang oʻtkazish uchun majbur daʼvogar boʻlgandi. Ikki tomon promouterlari jangni tashkil qilish boʻyicha muzokaralarni kelisha olmagach WBA 6 fevral kuni jangni tashkil qilish boʻyicha savdolarni boshlashi lozim edi.

Roman promouterlari bokschining IBF kamari sohibi avstraliyalik Terens Doeniga (21-0, 15 KO) qarshi ikki kamarni birlashtiruvchi jangni tashkil qilish boʻyicha muzokaralar olib borilayotganini bildirgach, WBA Roman-Ahmadaliyev jangi uchun ochiq savdolarini bir haftaga ortga surdi. endilikda Roman 13 fevralga qadar kelgusi jangi boʻyicha maʼlumot berishi kerak boʻladi.

Murodjon Ahmadaliyev shugʻullanayotgan “Mir boksa“ promouterlik kompaniyasi menejeri Vadim Kornilovning maʼlum qilishicha, vaziyat oʻzgarmaydi.

“Agar Roman Doeni bilan jang boʻyicha kelishuvga erishgan taqdirda ham Murodjon birinchi daʼvogar boʻlib qolaveradi. Agar jang durang bilan tugaydigan boʻlsa, Murodjon aniq Romanning keyingi raqibi boʻladi. Agar u gʻalaba qozonadigan boʻlsa, Ahmadaliyev bir yoʻla WBA va IBF kamarlari uchun jang qilish imkoniyatiga ega boʻladi. Yil oxiriga qadar biz chempionlik jangini tashkil etishni reja qilganmiz. Hozir esa WBA ning soʻnggi qarorini kutmoqdamiz“, degan Kornilov.

Maʼlumotlarga koʻra, Roman-Doeni jangi aprel oylarida tashkil qilinishi mumkin. Agar shunday boʻlgan taqdirda Murodjon Ahmadaliyev esa avgust-sentyabr oylarida chempionlik kamari uchun ringga chiqiish mumkin boʻladi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid