Boks/MMA

Qudratillo Abduqahhorov IBF kamariga birinchi daʼvogar boʻlish uchun ringga chiqadi

Professional boksning yarim oʻrta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik bokschi Qudratillo Abduqahhorov oʻzining navbatdagi jangida IBF yoʻnalishi reytingida birinchi raqamli daʼvogarni aniqlash uchun kurash olib boradi. Bu haqda sportchining oʻzi Go Sport nashriga maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Abduqahhorovga navbatdagi jangda yaponiyalik Keita Obara raqiblik qiladi. Jang 2019 yilning 5 yanvar kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda boʻlib oʻtadi. Jang rasmiy “for IBF yeliminator” (IBF kamari daʼvogarligi uchun) nomi ostida oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun, 32 yoshli yaponiyalik bokschi bugungacha 24ta jang oʻtkazib ularning 20tasida gʻalaba qozongan (18 nokaut), 3 marta magʻlubiyatga uchragan, bitta jangda durang natija qayd etilgan. Hozirda sportchi yarim oʻrta vaznning WBO yoʻnalishida Osiyo-Okeaniya kamari sohibi sanaladi. Obara ayni vaqtda IBF yoʻnalishida reytingda oltinchi, WBO yoʻnalishida esa 15-oʻrinda bormoqda. Keita 2016 yilda IBF va IBO yoʻnalishlari chempionlik kamari uchun ringga chiqib, rossiyalik Eduard Troyanovskiga yutqazib qoʻygandi.

Qudratillo Abduqahhorov professional boksda 15 jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba (9 nokaut) qozongan. Bugungi kunda oʻzbek bokschisi WBC reytingida 3-oʻrinda bormoqda. Shuningdek, u IBF reytingida toʻrtinchi, WBO reytingida esa 12-pogʻonani band etib turibdi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid