Boks/MMA

Qudratillo Abduqahhorov AQSHning mashhur kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Jang muddati aniq

Professional boksning yarim oʻrta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga koʻtarilayotgan Qudratillo Abduqahhorov (15-0-0, 9KO) Amerikaning mashhur Top Rank promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Bu haqda sportchining oʻzi Go Sport nashriga maʼlum qildi.

Maʼlum boʻlishicha, Abduqahhorov kompaniya bilan 2019 yilda uchta jang oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishgan. Janglarning eng kamida bittasi chempionlik kamari uchun kechishi lozim boʻladi.

Yangi hamkorlikning birinchi samarasi sifatida Abduqahhorov 30 mart kuni AQSHda yaponiyalik Keyta Obaraga (20-3-1, 18KO) qarshi ringga koʻtariladigan boʻldi. Oldinroq mazkur jang 5 yanvar kuni Malayziyada boʻlib oʻtishi lozim edi. Ammo promouterlarning kelisha olmagani sabab jang qoldirilgandi. Top Rank jangni tashkil qilib beradigan boʻldi.

Abduqahhorov va Obara oʻrtasidagi jang yarim gʻolibi IBF chempionlik kamari uchun birinchi raqamli daʼvogarga aylanadi.

Eslatib oʻtamiz, ayni vaqtda Abduqahhorov IBF reytingida 4-oʻrinda bormoqda. Obara esa 6-oʻrinda qayd qilingan.

Top Rank promouterlik kompaniyasi dunyoning eng mashhur kompaniyalardan biri sanaladi. Kompaniya dunyoning bir qator yetakchi bokschilari Vasiliy Lomachenko, Terens Krouford, Aleksandr Usik, bundan tashqari oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi Fazliddin Gʻoibnazarov bilan ham shartnoma imzolagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid