Boks/MMA

Shahram Gʻiyosov kamar uchun jang qiladi, raqib jiddiy

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shahram Gʻiyosov (7-0, 6 KO)aprel oyida oʻzining sakkizinchi jangini oʻtkazishi haqida xabar bergandik.

Sportchining GoSport.uz internet-nashriga xabar berishicha, unga mazkur jangda raqiblik qiladigan bokschi nomi maʼlum boʻlgan. Unga koʻra, Shahram 26 aprel kuni amerikalik Emmanuel Teylorga (20-5, 14 KO) qarshi uchun ringga koʻtariladi. Mazkur jang WBA Intercontinental chempionlik kamari uchun boʻlib oʻtadi va 10 raundga moʻljallangan boʻladi. Toʻqnashuv Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot uchun Teylor professional boksda nomdor bokschilardan biri boʻlib, oʻz vaqtida WBA International kamari uchun mashhur Edriyen Bronerga (33-4-1, 24 KO) qarshi 10 raundlik jangda ishtirok etib ochkolar boʻyicha imkoniyatni boy bergan. Shuningdek, Kris Algiyeri (23-3, 8 KO) Antonio Orosko (27-1, 17 KO) kabi mashhur bokschilarga qarshi ringga chiqqan.

Teylorning eng asosiy jangi esa soʻnggi jangi boʻlib qolmoqda. 2017 yilning 5 may kuni u Lukas Martin Mattisga (39-5, 36 KO) WBA Inter-Continental va WBO International chempionlik kamarlari uchun ringga chiqib, texnik nokaut evaziga imkoniyatni boy bergandi. Oradan qariyb ikki yil vaqt oʻtib u yana ringga qaytmoqda.

Eslatib oʻtamiz, mazkur boks oqshomining markaziy jangida ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasining WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangda ishtirok etadi. Bundan tashqari ularning boʻlajak raqibi Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4 KO) ham ringga koʻtarilishi koʻzda tutilgan.

Inglvudda boʻlib oʻtadigan mazkur boks oqshomi Matchroom Boxing promouterlik kompaniyasi rahbari Eddi Hirn va Thompson Boxing Promotions kompaniyasi rahbari Ken Tompson tomonidan tashkil qilinmoqda.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi marta Shahram Gʻiyosov 23 fevral (Toshkent vaqti bilan 24 fevral) kuni Meksikada mahalliy bokschi Edgar Puertani (25-12-1, 19 KO) beshinchi raundda texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid