Boks/MMA

Shahram Gʻiyosovning navbatdagi jangi muddati aniq boʻldi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shahram Gʻiyosov (6-0-0, 5KO) oʻzining navbatdagi jangini 9 mart kuni oʻtkazadi. Bu haqda Go Sport manbasi xabar berdi.

Jang Nyu-Yorkdagi Verona shaharchasida joylashgan “Turning Stone Resort & Casino” arenasida boʻlib oʻtadi. Hozircha Shahramga kim raqiblik qilishi maʼlum emas. Tez orada sportchi bu borada ham maʼlumot berishini bildirib oʻtdi.

9 mart kuni boʻlib oʻtadigan boks oqshomining asosiy jangida rossiyalik yarim ogʻir (-79,38 kg) vazn toifasining WBA yoʻnalishi chempioni Dmitriy Bivol (15-0-0, 11KO) amerikalik Jo Smit Juniorga (24-2-0, 20KO) qarshi chempionlik kamarini himoya qiladi. Shuningdek mazkur boks kechasida super yengil vazn toifasining WBO kamari sohibi amerikalik Mauris Huker (25-0-3, 17KO) asli trinidadlik boʻlgan Mikkel Lespyerga (20-0-1, 9 KO) qarshi kamar himoyasi uchun jang qiladi.

Mazkur janglar AQSHda DAZN internet platformasi orqali translyatsiya qilinsa, Britaniyada Sky Sports telekanali orqali namoyish etiladi.

Maʼlumot uchun, Shahram Gʻiyosov shu kungacha professional boksda 6ta jang oʻtkazib ularning barchasida gʻalaba qozongan. 5 marotaba raqiblarini muddatidan oldin magʻlubiyatga uchratgan. Soʻnggi marta u 2018 yilning 24 noyabr kuni meksikalik Migel Samudioni (41-12-1, 25 KO) birinchi raunddayoq texnik nokaut evaziga magʻlubiyatga uchratgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid