Boks/MMA

Shohjahon Ergashev IBF ning yangilangan reytingida bir yoʻla toʻrt pogʻona yuqoriladi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shohjahon Ergashev (15-0, 14 KO) Xalqaro boks federatsiyasining (IBF) fevral oyi uchun yangilangan reytingida toʻrt pogʻona yuqorilashga muvaffaq boʻldi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri muxbiri xabar bermoqda.

Eʼlon qilingan yangi reytingda Shohjahon Ergashev bu safar 7-pogʻonadan joy olgan. Soʻnggi marta u fevral oyida Maykal Foksni (19-1, 5 KO) ochkolar boʻyicha magʻlubiyatga uchratgandi.

Yarim oʻrta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Qudratillo Abduqahhorov (15-0, 9 KO) esa soʻnggi marta reytingdagi 4-oʻrnini saqlab qolgan, 30 mart kuni Qudratillo aynan mana shu reyting yetakchiligi uchun yaponiyalik Keita Obaraga (20-3-1, 18 KO) qarshi ringga chiqadi. Agar shu jangda gʻalaba qozonadigan boʻlsa, keyingi oyda eʼlon qilinadigan reyting peshqadamiga aylanadi. Magʻlubiyatga uchragan taqdirda reytingning quyi pogʻonalariga tushib ketishi mumkin.

Qayd etib oʻtish joiz, Shohjahon Ergashev mazkur yoʻnalish reytingida yuqoriga koʻtarilgani bilan har qanday natijalarga qaramasdan, 2019 yil soʻngiga qadar bu yoʻnalish boʻyicha chempionlikka daʼvogarlik qila olmaydi. Sababi fevral oyida mazkur vazn toifasida ringga chiqayotgan tailandlik Apinan Xongsong (15-0, 12 KO) yaponiyalik sobiq jahon chempioni Akixiro Kondoni 31-8-1 (18 КО) magʻlubiyatga uchratib, bu yoʻnalish reytingida birinchi oʻringa koʻtarildi va chempionlik uchun majburiy daʼvogarga aylandi. Yo‘nalish chempioni Ivan Baranchik (19-0, 12 KO) ayni vaqtda WBSS musobaqalarida ishtirok etmoqda. Mayda u Josh Teylorga (14-0, 12 KO) qarshi yarim final doirasida ringga chiqadi. Final bahslari kuz oylarida oʻtishini hisobga olsak, tailandlik bokschi shundan soʻngina chempionlik uchun ringga chiqish imkoniyatiga ega boʻladi. Shu boisdan ham Shohjahon bu yoʻnalishda yaqin bir yil davomida chempionlik uchun jang qilish imkoniyatiga ega boʻlmaydi.

Eslatib oʻtamiz, Ergashev oy boshida yangilangan WBA reytingida 4-oʻringa koʻtarilgandi.

IBF reytingidan oʻzbekistonlik boshqa bokschilar oʻrin olishmagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid