Boks/MMA

Shohjahon Ergashev IBF ning yangilangan reytingida bir pogʻona yuqoriladi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shohjahon Ergashev (15-0, 14 KO) Xalqaro boks federatsiyasining (IBF) yanvar oyi uchun yangilangan reytingida bir pogʻona yuqoriladi.

7 fevral kuni eʼlon qilingan yangi reytingda Shohjahon Ergashev 11-pogʻonadan joy olgan. Oʻtgan oyda reytingda qayd qilingan rossiyalik Sergey Lipines bu safar kuchli 15talikdan butunlay chiqarib tashlanishi natijasida Ergashev bitta oʻringa koʻtarilgan. Shohjahon ayni vaqtda WBA reytingida 5-oʻrinda bormoqda.

Yarim oʻrta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Qudratillo Abduqahhorov (15-0, 9 KO) esa reytingdagi 4-oʻrnini saqlab qolgan, 30 mart kuni Qudratillo aynan mana shu reyting yetakchiligi uchun yaponiyalik Keita Obaraga (20-3-1, 18 KO) qarshi ringga chiqadi.

IBF reyting tuzish qoidalariga koʻra, kamar uchun ringga chiqqan sportchi magʻlubiyatga uchragach, reytingdan chiqarib yuboriladi, yoki daʼvogarlikdan mahrum qilinadi. Shu boisdan boshqa yoʻnalishlardan farqli ravishda bu yoʻnalishda odatda daʼvogarlik oʻrinlari — birinchi va ikkinchi oʻrinlar boʻsh qoladi.

Shohjahon Ergashev joy olgan reytingda ham 1-2 oʻrinlar boʻsh qolmoqda. Qudratillo vaznidagi reytingda ham yuqori oʻrinlar boʻsh qolmoqda. IBF reytingidan oʻzbekistonlik boshqa bokschilar oʻrin olishmagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid