Boks/MMA

Shohjahon Ergashev oʻzidan salkam 15 sm uzunroq bokschiga qarshi: tarozida vaznlar teng keldi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik bokschi Shohjaxon Ergashev (15-0, 14KO) amerikalik Maykal Foksga (19-0, 5KO) qarshi jang oldidan tarozidan oʻtish marosimida ishtirok etdi.

Raqibidan 14 sm pastroq boʻyga ega boʻlgan Shohjahon Ergashev (179 sm uning boʻyi, Foks 193 sm) tarozida roppa-rosa 64,4 kg tosh bosdi. Qizigʻi uning raqibi Foks ham xuddi Ergashev kabi 64,4 kg vaznda qayd etildi.

Super yengil vazn toifasi qoidalariga koʻra, bokschi jahon chempionligi kamari uchun 63,5 kgdan oʻtib ketmagan vaznga ega boʻlishi lozim. Reyting janglarida esa ikki raqib promouterlari kelishuvi bilan vazn tanlovi oʻzgarishi mumkin Ergashev va Foks promouterlari jang oldidan aynan -64,4 kg (142 lbs) boʻyicha kelishib olishgandi. Tarozida aynan shu koʻrsatkich ikki sportchida ham bir xilda qayd qilindi.

Eslatib oʻtamiz, jang Kanzasdagi Malveyn shahrida AQSH vaqti bilan bugun, 15 fevral kuni, Toshkent vaqti bilan 16 fevral kuni tongi vaqtda boʻlib oʻtadi. Uchrashuv AQSHning Showtime telekanali orqali translyatsiya qilinadi. Shuningdek Oʻzbekistonda MTRK tasarrufidagi Sport telekanali mazkur jangni toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish etadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid