Boks/MMA

Shohjahon Ergashevning navbatdagi jangi muddati uchinchi marta oʻzgardi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) oʻzining faoliyatidagi 17-jangini iyun oyida oʻtkazadigan boʻldi. Bu haqda GoSport.uz muxbiri xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, Ergashev 9 iyun kuni Moskvada boʻlib oʻtadigan boks oqshomida ishtirok etadi. Boks boʻyicha asosiy statistikalarni taqdim etuvchi global portallarda mazkur boks oqshomi haqida hech qanday maʼlumotlar berilmagan.

Eslatib oʻtamiz, avvaliga Shohjahon Ergashev 13 aprel kuni ringga chiqishini maʼlum qilgandi. Ammo jang bekor boʻlgani haqida hech qanday xabar berilmadi va jang oʻtkazilmadi. Keyinroq sportchi 17 may kuni AQSHda ringga chiqishini maʼlum qildi va bu jang ham nomaʼlum sabablarga koʻra oʻtkazilmadi.

9 iyun sanasi Shohjahon tomonidan eʼlon qilinayotgan uchinchi muddat sanaladi.

Eslatib oʻtamiz, Shohjahon Ergashev soʻnggi marta 15 fevral kuni amerikalik Maykal Foksga (19-1, 5KO) qarshi ringga chiqqan va unda ochkolar boʻyicha gʻalaba qozongandi.

 

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid