Boks/MMA

Shohjahon Ergashev 12 iyul kuni chempionlik kamari uchun jang qilmoqchi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) 12 iyul kuni chempionlik kamari uchun ringga chiqmoqchi. Bu haqda sportchining oʻzi YouTube tarmogʻidagi intervyularidan birida maʼlum qilgan.

“12 iyul kuni, nasib boʻlsa, chempionlik kamari uchun jang qilmoqchiman. Jang AQSHda boʻlib oʻtadi“, degan Ergashev.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oyda bokschi Moskvada oʻzining navbatdagi jangini Danielito Zorriyyaga (11-0, 9 KO) qarshi oʻtkazishi lozim edi. Ammo keyinroq bu jang haqidagi xabarlar yolgʻon boʻlib chiqdi va Ergashev butunlay boshqa bokschi bilan ringga chiqdi. Ammo mazkur jang professional boks rekordlarini (statistika) hisoblab boruvchi barcha rasmiy manbalardan oʻchirib tashlangan. Buning sababi maʼlum emas.

Shohjahon aynan qaysi chempionlik jangida ishtirok etishi va raqibi kim boʻlishiga oydinlik kiritmagan. Maʼlumot uchun, Shohjahon ringga chiqadigan vazndagi barcha kamarlar band. Ularning himoyasi uchun ham janglar aniq boʻlib ulgurgan. WBC va WBO kamarlari sohiblari birlashtiruvchi jangda ishtirok etsa, WBA va IBF chempionlari WBSS finalida oʻzaro roʻbaroʻ kelishadi.

Tahririyatdan: GoSport.uz Shohjahon Ergashev haqidagi maʼlumotlarni faqat uning oʻzi aytganidan soʻng xabar sifatida chop etadi. Xabarlarning qanchalik rost yoki yolgʻonligiga kafolat bermaydi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid