Boks/MMA

Shohjahon Ergashev Gennadiy Golovkin murabbiyi bilan ishlamoqchi, unga Freddi Rouch varianti yoqmayapti

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Shohjahon Ergashev uch yoʻnalish boʻyicha sobiq jahon chempioni, qozogʻistonlik Gennadiy Golovkinga (38-1-1, 34 KO) ustozlik qilib kelayotgan Abel Sanches bilan birga ishlashni istamoqda. Bu haqda GoSport.uz manbalari xabar berdi.

Oldinroq, Shohjahon Ergashev uzoq yillar davomida Menni Pakyaoga (61-7-2, 39 KO) ustozlik qilgan Freddi Rouch ustozlik qilishi haqida xabarlar tarqalgandi. Aynan shu masalada GoSport manbasi Shohjahonga murojaat qilganida u boshqa rejalari borligini bildirgan.

“Freddi Rouch ajoyib murabbiy. U buyuk chempionlarni tarbiyalagan, ammo menda boshqa rejalar ham bor. Toʻgʻrisini aytsam, AQSHga qaytgach, Gennadiy Golovkinga ustozlik qiladigan Abel Sanchesning oldiga bormoqchiman. Abel Sanches koʻproq mening uslubimga mos tushadi.

Menda ham xuddi Golovkinda boʻlgani kabi zarba kuchli. Sanches aynan shunday asosiy eʼtiborini kuchli zarbalarga qaratadigan bokschilar bilan yaxshi ishlaydi. Shu boisdan ham u bilan ishlashni maqsad qilganman”, degan Ergashev.

Eslatib oʻtamiz, soʻnggi marta Shohjahon Ergashev 15 fevral kuni amerikalik Maykal Foksni (19-1, 5 KO) ochkolar evaziga magʻlubiyatga uchratgandi. WBA ning yangilangan reytingida u 4-oʻrinda bormoqda.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid