Boks/MMA

Mutlaq chempion Usik kamaridan voz kechdi

Professional boksning birinchi ogʻir (-90,7 kg) vazn toifasida ringga chiqib kelayotgan ukrainalik bokschi Oleksandr Usik (16-0, 12 KO) Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) chempionlik kamaridan voz kechdi. Bu haqda u oʻzining Instagramʻdagi sahifasida maʼlum qilgan.

WBC, WBA, IBF va WBO chempionlik kamarlari sohibi boʻlgan sportchi WBA kamarini rossiyalik majburiy daʼvogar Denis Lebedevga (32-2, 23 KO) qarshi jangda himoya qilishi lozim edi. Shu maqsadda tashkilot 28 martga qadar muddatda promouterlik savdolarini eʼlon qilgandi. Usik muddatni kutib oʻtirmasdan kamardan voz kechib qoʻya qolganini aytdi.

“WBA menga Lebedevga qarshi majburiy jang qilishim boʻyicha talab qoʻygandi. Ammo bu jang oʻtkazilmaydi, chunki biz jamoam bilan kelishgan holda super ogʻir (+90,7) toifasiga oʻtishga qaror qildik. Shu sababdan ham biz Denis bilan jang qila olmaymiz. Men kamardan voz kechdim, chunki uni shunchaki oʻzimda ushlab turishni istamadim. Yaxshisi boshqa yigitlar bu kamar uchun jang qilsin. Denisga ham, bu kamar uchun daʼvogar boʻlgan barchaga chempionlik uchun jangda omad tilayman”, – deya gapirib oʻtgan 32 yoshli Usik.

Eslatib oʻtamiz, Usik Butunjhon boks super seriyalari (WBSS) rossiyalik Murat Gassiyevni (26-1, 19 KO) magʻlubiyatga uchratib ushbu toʻrtta kamarga ega chiqqandi.

Usik 18 may kuni jang qilishi koʻzda tutilgan. Aynan shu kuni u super ogʻir vazn toifasida debyut qiladi. Hozircha uning raqibi kim boʻlishi maʼlum emas.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid