Boks/MMA

WBA yangilagan reytingida Shahram Gʻiyosov va Isroil Madrimov koʻtarildi

Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA professional bokschilarning yangi reytingini eʼlon qildi. Unda Oʻzbekistonning ikki bokschisi Shahram Gʻiyosov (8-0, 6 KO) va Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) yuqorilashga muvaffaq boʻldi, deya xabar bermoqda GoSport.uz internet-nashri muxbiri.

Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shahram Gʻiyosov may oyi uchun chiqarilgan reytingda oldingi oyga nisbatan bir pogʻona yuqorilab, 13-oʻringa joylashdi. U fevral oyi uchun chiqarilgan reytingda kuchli 15talikni tark etgan va aprel oyi uchun reytingda yana kuchli 15talikka qaytgandi. Shahram aprel oyi soʻngida amerikalik Emmanuel Teylorni ochkolar hisobida magʻlubiyatga uchratib, WBA International chempionlik kamarini qoʻlga kiritgandi.

Yangilangan reytingda super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) ham yuqorilashga muvaffaq boʻldi. Bu safar Madrimov bir pogʻona yuqorilab, mart oyida boʻlgani kabi 6-pogʻonaga qaytdi.

Ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6-0, 5 KO) oʻtgan oydagi kabi ikkinchi oʻrinda, super yengil (-63,5 kg) vazn toifasi vakili Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) esa reytingda 4-oʻrinda qolgan.

Reytingda oʻzbekistonlik boshqa sportchilar oʻrin olmagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid