Boks/MMA

WBA reytingi. Shahram Gʻiyosov qaytdi, Murodjon Ahmadaliyev birinchi oʻrinni boy berdi

Butunjahon boks assotsiatsiyasi WBA professional bokschilarning yangi reytingini eʼlon qildi. Unda Shahram Gʻiyosov (8-0, 6 KO) yana kuchli 15talikka qaytdi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri muxbiri xabar berdi.

Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Shahram Gʻiyosov aprel oyi reytingida 14-oʻringa joylashdi. U fevral oyi uchun chiqarilgan reytingda kuchli 15talikni tark etgandi. Shahram aprel oyi soʻngida amerikalik Emmanuel Teylorni ochkolar hisobida magʻlubiyatga uchratib, WBA International chempionlik kamarini qoʻlga kiritgandi.

Yangilangan reytingda ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Murodjon Ahmadaliyev (6-0, 5 KO) 1-oʻrinni boy berdi va bir pogʻona pastlab 2-oʻringa joylashdi. Reytingda birinchi oʻringa koʻtarilgan Brendon Figeroa oʻtgan oyda WBA vaqtinchalik chempionlik kamarini qoʻlga kiritgandi. WBA reytingi qoidalariga koʻra, vaqtinchalik chempion maqomidagi sportchi birinchi oʻrinda qayd qilinadi. Bu haqda oldinroq maʼlumot bergandik.

Ammo bu bilan mazkur vazn toifasidagi chempionlikka daʼvogarlik boʻyicha vaziyat oʻzgarmaydi va Murodjon jahon chempionlik kamari uchun birlamchi daʼvogar nomini saqlab qoladi. Eslatib oʻtamiz, 26 apreldan boshlab 90 kun davomida Murodjon Ahmadaliyev Daniel Romanga qarshi bir yoʻla ikkita kamar chempionligi uchun jangda ishtirok etadi.

Shuningdek, reytingda super yarim oʻrta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (2-0, 2 KO) bir oy oldingi koʻrsatkichidan bir pogʻona pastlab, 7-pogʻonadan joy olgan. Super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida bitta jang oʻtkazgan Shohjahon Ergashev (16-0, 14 KO) esa reytingda 4-oʻrinda qolgan.

Reytingda oʻzbekistonlik boshqa sportchilar oʻrin olmagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid