Boks/MMA

Oʻzbek bokschisi jang vaqtida boshidan jiddiy jarohat olib shifoxonaga yotqizilgan

Havaskor bokschilar oʻrtasida Ozarboyjonda boʻlib oʻtayotgan ”Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turnirida oʻzbekistonlik bokschi bilan bogʻliq noxush holat kuzatilgan. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri Ozarboyjondagi manbalarga tayanib xabar bermoqda.

Maʼlum boʻlishicha, musobaqaning dastlabki bosqichida -64 kg vazn toifasida Oʻzbekiston sharafini himoya qilayotgan Aliyor Noraliyev mezbon, ozarboyjonlik sportchiga qarshi jang vaqtida boshidan jiddiy jarohat olgan va uni tez tibbiy yordam mashinasi yordamida shifoxonaga olib borishlariga toʻgʻri kelgan. Tez yordam mashinasi uzoq vaqt kelmagani qoʻshimcha muammolarni tugʻdirgani aytilmoqda. Hozircha oʻzbekistonlik bokschining ayni vaqtdagi holati boʻyicha maʼlumotlar berilmagan.

Oʻzbekiston boks federatsiyasi tomonidan berilgan xabarda Aliyor Noraliyev birinchi jangda gʻalaba qozongani koʻrsatilgan. Ammo keyingi bosqichlarda koʻrsatib oʻtilgan janglarda Aliyor Noraliyev nomi butunlay tushib qolgan. U keyingi bosqichda ringga chiqmagan. Shu maʼnoda uning jarohat olgani haqiqat boʻlib chiqmoqda. Ammo federatsiya bu haqda rasmiy maʼlumot bermagan.

”Oʻzbekistonlik yana bir bokschi (Hasanboy Doʻsmatov nazarda tutilgan) yarim finalda jarohati sabab ringga chiqmadi. Murabbiylar birinchi kundagi ogʻir jarohat voqeasi sabab, yarim finalda yengilroq jarohat boʻlishiga qaramasdan tavakkal qilishmagan koʻrinadi”, degan ozarboyjonlik manba.

Eslatib oʻtamiz, bugun boʻlib oʻtadigan turnirning final janglarida besh nafar oʻzbekistonlik bokschi ishtirok etadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid