Boks/MMA

Oʻzbekiston boksining uzoq yillik rahbari isteʼfoga chiqariladi

Oʻzbekiston boks federatsiyasining birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlab kelgan Sherzod Toshmatov isteʼfoga chiqariladi. Bu haqda Go Sport manbalari xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2 fevral kuni Milliy olimpiya qoʻmitasida yigʻilish boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan. Unda tashkiliy masala koʻrib chiqiladi. Majlisda Sherzod Toshmatov vazifasidan ozod qilinib, boks federatsiyasiga yangi birinchi vitse-prezident tayinlanishi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, Sherzod Toshmatov 2014 yilning noyabr oyidan federatsiyada faoliyat yuritib keladi. Federatsiya prezident Ochilboy Ramatov bir vaqtning oʻzida Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rahbari, Oʻzbekiston futbol federatsiyasining prezidenti boʻlgani bois, federatsiyani asosan Toshmatov boshqarib kelgan.

Toshmatov davrida havaskorlar boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi koʻplab muvaffaqiyatlarga erishgan. Jumladan, 2016 yilgi Rio olimpiadasida 3ta oltin (jami 7ta) medal bilan umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egallagan, 2018 yilgi Osiyo oʻyinlarida esa 5ta oltin, 2ta kumush medallari bilan yakunda umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni, yil yakunlari boʻyicha esa Osiyoning eng yaxshi federatsiyasi nomini qoʻlga kiritgan.

Sherzod Toshmatov 2016 yilning 17 dekabrida Osiyo boks federatsiyasi vitse-prezidenti lavozimiga ham tayinlangandi.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Sherzod Toshmatov va MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov oʻrtasidagi kelishmovchiliklar boʻlishi mumkinligi haqida xabarlar chiqqan va bu borada shov-shuvlarga sabab boʻlgan maqolalar ham eʼlon qilingandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid