Boks/MMA

Oʻzbekistonlik yana bir nokautchi bokschi navbatdagi jangini oʻtkazadi

Professional boksning yengil (-61,2 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan oʻzbekistonlik Elnur Abduraimov (4-0, 4 KO) may oyida oʻzining navbatdagi jangini oʻtkazadi.

GoSport.uz internet-nashri manbalari bergan xabarga koʻra, Elnur oʻzining beshinchi jangini 18 may kuni oʻtkazadi. Jang Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi RMK yakkakurashlar akademiyasi sport saroyida boʻlib oʻtadi. Barcha raqiblarini muddatidan oldin magʻlub etib kelayotgan oʻzbekistonlik bokschi bu safar olti raundga moʻljallangan jangda ishtirok etadi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi aniq emas. Tez orada sportchi bu borada ham maʼlumot berishi bildirib oʻtgan.

Maʼlumotlarga koʻra, shu kuni oʻzbekistonlik boshqa bir bokschi, ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasi vakili Sardor Muzaffarov (4-1, 2 KO) ham ringga chiqadi. Sardorga tojikistonlik Asror Vohidov (2-0, 1 KO) raqiblik qiladi. Mazkur boks oqshomi toʻliqligicha Rossiyaning BOKS TV telekanali orqali translyatsiya qilinadi.

Eslatib oʻtamiz, Elnur Abduraimov professional boksdagi dastlabki ikkita jangini AQSHda oʻtkazgan. Soʻnggi ikki jangi Rossiyada tashkillashtirilgan bokschi 23 mart kuni kuni aynan Yekaterinburgda rossiyalik Dmitriy Xasiyevga (8-2-2, 2 KO) qarshi jang oʻtkazib, ikkinchi raundda raqibini nokautga uchratgandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid