Futbol

APL klubining eng qimmat transferi samolyotda aviahalokatga uchradi

Normand orollari aviatsion qidiruv guruhi boshligʻi, La Mansh boʻgʻozida “Kardiff Siti”ning yangi futbolchisi Emiliano Sala boʻlgan samolyotni qidirish ishlariga rahbarlik qilgan Jon Fitsjerald ish yakunlari haqida maʼlumot berdi.

“Menga xabar berishlaricha, dengizda yostiq, toʻq sariq rangdagi predmet, quti va boshqa koʻplab oq rangdagi buyumlarni topishgan. Ularning atrofida metall parchalari suzib yurgan”, — deya Fitsjeraldning soʻzlarini keltirmoqda RMC.

Fitsjerald qoldiqlar topilgan joyga qutqaruv qayigʻi yuborilgani haqida maʼlumot bergan.

Eslatib oʻtamiz, 21 yanvar kuni Sala “Nant”dagi sobiq jamoadoshlari bilan xayrlashish uchun Fransiyaga borgan.

U shu kuniyoq xususiy samolyotda Uelsga qaytgandi. Ammo u chiqqan xususiy samolyot qoʻnish vaqtidan bir soat avval radarlardan yoʻqoldi.

Uni oʻsha zahoti qidirish ishlari boshlandi, ammo ob-havo sharoiti va qorongʻi tushgani tufayli ishlar toʻxtatildi. Qidirish ishlari 22 yanvar kuni tiklanib, kun boʻyi 5 samolyot va yana bir qancha qidiruv kemalari ish olib borishdi, ammo natija boʻlmadi.

Bu orada OAVda futbolchi parvoz vaqtida WhatsApp guruhidagi yaqinlariga audioxabar joʻnatgani maʼlum qilindi.

“Salom, yigitlar, ishlar qalay? Ukaginam, mening kuchim qolmadi. Nantda bir qator ishlarni bajardim, hozir esa sochilib ketishi mumkin boʻlgan samolyotda Kardiffga uchyapman. Ertaga hammasi boshlanadi, kunduzi yangi jamoa bilan mashgʻulotlarga kirishaman. Koʻramiz, nima boʻlarkan. Aka-ukalar, opa-singillar qalay? Hammasi yaxshimi? Yana bir yarim soatdan soʻng mendan yangiliklar boʻlmasa, bilmayman, kimdir meni qidiradimi? Balki, meni topishning imkoni boʻlmas. Xudoyim, qanday dahshat”, degandi futbolchi.

Qidiruvning ikkinchi kuni politsiya futbolchining omon qolganiga umid deyarli yoʻqligini maʼlum qilgandi.

“Oʻsha vaqtda havo ancha sovuq boʻlgan. Shuningdek, muzli yomgʻir yoqqan. Quyuq tuman esa koʻrish chegarasini kamaytirgan. Hozir esa barchasi yaxshi. Havo ham zoʻr, biroz issiq.

Mening ilk xulosalarim oddiy. Sala katta ehtimol bilan halok boʻlgan. Bunday sharoitda odam bolasi tirik qolishi amri mahol. Ammo taslim boʻlish yoʻq, izlashda davom etamiz”, degandi Jon Fitsjerald.

Uchinchi urinish 23 yanvar tongida boshlangandi.

28 yoshda boʻlgan Emiliano Sala futbolchilik faoliyatini 2010 yili “Bordo” safida boshlagandi. U 2012-13 yillarni “Orlean”, 2013-14 yillarni “Nor”, 2015 yilni esa “Kan” safida oʻtkazgandi. Sala 2015 yildan buyon “Nant” safida toʻp surib kelgan, “Kardiff Siti” 20 yanvar kuni, qishki transferlar doirasida Salani oʻz tarixidagi rekord qiymatga – 20,5 mln yevro evaziga transfer qilgandi.

Argentinalik forvard uelsliklar klubi bilan 2022 yilga qadar shartnoma tuzgandi.

Emiliano Sala joriy mavsumda “Nant” safida 21 oʻyinda maydonga tushib, 13 gol urgandi. “Kardiff” murabbiyi Nil Uornok uni jamoasining navbatdagi oʻyiniga – 30 yanvar kuni “Arsenal”ga qarshi kechadigan oʻyinga tushirmoqchi edi. Ammo futbolchi APLda debyut qilolmadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid