Futbol

Bir umrga futboldan chetlatilgan Samvel Babayan “Lokomotiv”da ish boshladi

Oʻzbekiston terma jamoasi va “Paxtakor” klubi sobiq bosh murabbiyi Samvel Babayan Toshkentning boshqa bir jamoasi “Lokomotiv” klubida faoliyat olib boradigan boʻldi. Bu haqda klub matbuot xizmati GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, Babayan “Lokomotiv”da prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlangan. Klub prezidenti Mansur Rajapov Samvel Babayan oldiga uchta asosiy vazifalarni belgilab bergan:

Klub infratuzilmasini koʻtarish hamda yangi bosqichga olib chiqish;
“Lokomotiv” bolalar va oʻsmirlar futbol maktabini rivojlantirish va zamonaviy faoliyat yuritishini yoʻlga qoʻyish;
Klub material-texnik bazasini yanada shakllantirish hamda buning uchun kerakli barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Eslatib oʻtamiz, 2018 yilning 15 yanvarida oʻsha vaqtlarda Oʻzbekiston futbol federatsiyasi Samvel Babayanni futbolga aloqador har qanday faoliyat bilan shugʻullanishdan butun umrga chetlashtirgandi. Unda Babayanga “Paxtakor” futbol klubida faoliyat olib borgan vaqtida futbolchilarning shartnomasi bilan bogʻliq hujjatlarga noqonuniy oʻzgartirishlar kiritishi, jamoa tepasiga yangi rahbariyat kelayotganidan xabar topgach, klub bilan bitimi 2018 yil soʻngiga qadar boʻlgan futbolchilar shartnomasini 2017 yil qilib oʻzgartirgani aniqlangandi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad — yil soʻngida erkin agentga aylanadigan futbolchilarni xorijiy klublarga sotib, moddiy manfaat koʻrish boʻlgan.

“Aynan mana shu manfaat taʼsirida u mamlakatning bosh jamoasini ham koʻngildagidek boshqara olmadi hamda futbolchilarga boʻlgan noxolis munosabati sabab, terma atmosferasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Samvel Babayan termaga nomzodlarni saralab olishda asosan oʻziga maʼlum futbolchilar bilangina ishlagan hamda barcha klublarga teng munosabatda boʻlmagan. Shuningdek, tajribali murabbiy hamda mutaxassislarning fikr va tavsiyalarini inobatga olmagan”, deya bayonot bergandi OʻFF.

Shuningdek, Samvel Babayan ishi prokuraturaga oshirilgani haqida ham maʼlum qilingandi.

Ayni vaqtga qadar OʻFA Babayanning mazkur diskvalifikatsiyasi kuchini yoʻqotgani haqida umuman xabar bermagan. Orada mutaxassis Latviyada faoliyat koʻrsatgan, oʻshanda OʻFA murabbiyga bir umrlik taqiq Oʻzbekiston ichida qoʻyilganini bildirgandi. Hozircha uning “Lokomotiv”da faoliyat yuritishi boʻyicha OʻFA hech qanday bayonot bermagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid