Futbol

YECHL. “Yuventus” “Atletiko”ga yutqazdi, “Siti” 10 kishi boʻlib “Shalke” ustidan irodali gʻalabaga erishdi

Yevropa Chempionlar ligasining 1/8 final dastlabki uchrashuvlari nihoyasiga yetdi. 20 fevral kuni soʻnggi ikki uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Madridning “Atletiko” klubi oʻz uyida “Yuventus”ni qabul qilib, 2:0 hisobida gʻalaba qozondi. 78-daqiqada Xose Ximenesni hisobni ochgan boʻlsa, oradan besh daqiqa oʻtib, Diyego Godin jamoasining ishonchli gʻalabasini taʼminladi. Uchrashuvda bitta penalti va Alvaro Morata tomonidan kiritilgan gol videotakrorlar sabab bekor qilindi.

Bundesliga vakili “Shalke” esa Angliya chempioni “Manchester Siti”ni qabul qilib, gʻalabani qoʻldan chiqardi. Avvaliga Aguero himoyachilarning qoʻpol xatosidan foydalanib hisobni ochgan boʻlsa, birinchi boʻlim soʻngiga qadar Nabil Bentaleb ikki marta penaltini aniq amalga oshirib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqqandi. Ikkinchi boʻlim oʻrtasida Nikolas Otamendi ikkinchi sariq kartochka bilan oʻyindan chetlatildi. Ammo bu ham mankunianliklarning iroda koʻrsatishiga qarshilik koʻrsata olmadi. 85-daqiqada Leroy Sane, 90-daqiqada Rahim Sterling tomonidan kiritilgan gollar tabloda mehmonlarning 2:3 hisobidagi gʻalabasi qayd etilishiga sabab boʻldi.

Mazkur jamoalar oʻrtasidagi javob uchrashuvlari 12 mart kuni boʻlib oʻtadi.

YECHL. 1/8 final
Dastlabki uchrashuvlar

Atletiko Madrid – Yuventus 2:0
Gollar: Ximenes (78), Godin (83).
Atletiko: Oblak, Ximenes, Filipe Luis, Xuanfran, Godin, Saul, Parti (Lemar, 61), Rodri Ernandes, Koke (Korrea, 67), Grizmann, Diyego Kosta (Morata, 58).
Yuventus: Shchensni, Bonuchchi, Aleks Sandro, De Shilo, Kyellini, Bentankur, Pyanich (Jan, 73), Matyuidi (Joau Kanselu, 84), Ronaldu, Dibala (Bernardeski, 80), Manjukich.

Shalke – Manchester Siti 2:3
Gollar: Bentaleb (38, penalti, 45, penalti) – Aguero (18), Sane (85), Sterling (90).
Shalke: Fermann, Bruma, Sane, Nastasich, Mendil (Burgshtaller, 65), Serdar, Ochipka, Makkenni (Skribski, 78), Kalidjuri, Bentaleb, Ut (Xarit, 87).
Manchester Siti: Ederson, Uoker, Otamendi, Laport, Fernandino, Silva (Kompani, 70), Gundoʻgʻan, Bernardu Silva, de Bryuyne (Zinchenko, 87), Sterling, Aguero (Sane, 78).
Chetlatish: Otamendi (68, Manchester Siti).

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid