Futbol

FIFA “Chelsi”ga ikkita transfer oynasida futbolchi sotib olish boʻyicha taqiq qoʻydi

Xalqaro futbol ittifoqi FIFA “Chelsi”ni voyaga yetmagan futbolchilarning xalqaro transfer huquqlarini buzishda aybdor deb topdi. Bu haqda tashkilot rasmiy sayti xabar bermoqda.

Qayd qilinishicha, “aristokratlar” tomonidan 29ta holatda yosh futbolchilarni transfer qilish va roʻyxatdan oʻtkazish qoidalari buzilgani aniqlangan. Shu boisdan FIFA klubga keyingi 2ta transfer oynasida yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlab qoʻydi.

Taqiq “Chelsi”ning ayollar va mini-futbol tarkiblaridan tashqari barcha jamoalariga taalluqli boʻladi. Shu tariqa, londonliklar 2019 yil yozida va 2020 yil yanvarida yangi futbolchi xarid qila olmaydigan boʻlishdi. Shuningdek, klub 600 ming shveysariya franki miqdorida jarimaga ham tortilgan.

FIFAning bu qarori hozircha kuchga kirganicha yoʻq. “Chelsi” FIFA Apellyatsiya qoʻmitasiga mazkur taqiq boʻyicha shikoyat qilish huquqiga ega. Qoʻmita qarorni oʻz kuchida qoldirgan taqdirda London klubi Sport arbitraj sudiga murojaat etishi mumkin.

FIFA belgilagan jazo keyinchalik transfer huquqini toʻliq sotib olish sharti bilan ijaraga olingan futbolchilarga nisbatan (masalan Gonsalo Iguain — GoSport) qoʻllanilishi yoki bunga daxldor emasligi borasida maʼlumotlar yoʻq. Klub oʻz futbolchilarini boshqa klublarga sotishi yoki ijaraga berishi taqiqlanmagan.

Eslatib oʻtamiz, bir necha yil muqaddam FIFA Ispaniyaning “Atletiko” va “Barselona” kabi jamoalariga nisbatan ham shunday sanksiya qoʻllagandi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid