Futbol

Ignatiy Nesterov ikki yilga diskvalifikatsiya qilinishi mumkin

Oʻzbekiston terma jamoasining sobiq darvozaboni Ignatiy Nesterov ikki yil muddatga futboldan chetlatilishi mumkin. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri manbalari xabar bermoqda.

Maʼlumotlarga koʻra, OFK tartib-intizom qoʻmitasi vaziyatni oʻrganib chiqqan va tez orada yakuniy xulosani taqdim etadi. Unda Nesterovning ikki yil muddatga diskvalifikatsiya qilinishi haqida qaror chiqarilishi kutilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oyda Ignatiy Nesterovning qonidan taqiqlangan modda topilgani uchun vaqtinchalik chetlatilgani haqida xabar berilgandi. Maʼlum boʻlishicha, Osiyo kubogi doirasidagi Ummonga qarshi uchrashuvdan soʻng doping nazoratidan oʻtgan Nesterovning qonidan “sibutramin” moddasi topilgan. Bu modda odatda sportchilarning vazn tashlashiga yordam beruvchi preparat sanaladi. Uni oʻyin yoki musobaqalar vaqtida isteʼmol qilish mumkin boʻlmagan. Boshqa vaqtlarda, misol uchun oʻyinlar oʻtkazilmagan vaqtlarda bu preparatni isteʼmol qilish mumkin boʻladi.

Maʼlumot uchun, Ignatiy Nesterov yanvar oyi soʻngida Saudiya Arabistonining “Uhud” klubi safiga borib qoʻshilgandi. Oldinroq u terma jamoadagi faoliyatini yakunlangani haqida maʼlum qilgan.

Doping mojarosidan soʻng, Nesterov “Uhud”dan Toshkentga qaytib keldi. Agar diskvalifikatsiya amal qiladigan boʻlsa, futbolchi klub bilan shartnomasini bekor qilishi mumkin.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid