Futbol

“Lokomotiv” “keyingi faoliyatini Babayansiz tasavvur qila olmagan” degan soʻzlari uchun OʻFAdan izoh talab qildi

“Lokomotiv” rahbariyati bugun, 27 fevral kuni OʻFA rasmiy saytida chop etilgan Samvel Babayan toʻgʻrisidagi bayonot matni yuzasidan OʻFA matbuot xizmatiga eʼtiroz bilan chiqdi.

Assotsiatsiya bayonoti quyidagi soʻzlar bilan tugagandi: “OʻFA bundan buyon Samvel Babayan Oʻzbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻymaydi. Qoʻshimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik koʻrsatmaydi».

“Bundan buyon Samvel Babayanning hech qaysi terma jamoada ishlashiga yoʻl qoʻymasligi bu OʻFAning masalasi, bunga klub aralasha olmaydi. Lekin nima sababdan xabar «Qoʻshimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik koʻrsatmaydi” degan gap bilan tugagan, “Lokomotiv” PFK shunisiga hayron», – deyiladi “temiryoʻlchilar” rasmiy saytidagi xabarda.

“Oxirgi gapda «Keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv” futbol klubining qaroriga…» degan joyini qanday tushunish kerak? Bu “Lokomotiv” Babayansiz oʻz faoliyatini tasavvur qila olmaydi, degan maʼnoni beryaptimi? Maʼlumki, “Lokomotiv” futbol klubi shu paytgacha uch marta Oʻzbekiston milliy chempionati, uch marta Oʻzbekiston Kubogi hamda ikki bor Oʻzbekiston Superkubogida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va bularning birortasida Samvel Babayanning qoʻli boʻlmagan.

Bundan koʻrinib turibdiki, klub shu paytgacha Samvel Babayansiz ham oʻz maqsadi yoʻlida davom etgan va bugungi kunga kelib “Lokomotiv” PFK rahbariyati taklifiga binoan oʻzbek futbolidagi yetuk mutaxassislardan biri Samvel Vyacheslavovich klub rivojiga yanada hissa qoʻshsin, degan yaxshi niyatlar bilan klub prezidenti maslahatchisi lavozimiga qabul qilindi.

Gapning ochigʻi, xabar bilan tanishib chiqqan “Lokomotiv” PFK rahbariyatiga oxirgi jumla yoqmadi. “Lokomotiv” yaqqol bir kishining shaxsiy klubi emas. Bu “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJga tegishli tashkilot hisoblanadi hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ homiyligi ostida turli musobaqalarda ishtirok etadi. Qolaversa “Lokomotiv” qaysidir shaxssiz tasavvur qilib boʻlmaydigan klub ham emas. Oʻtgan yillar ichida qancha odam ishlab ketdi, lekin poyezd mudom oʻz temiryoʻli ustida yurgani kabi “Lokomotiv” ham oʻzi tanlab olgan yoʻl boʻyicha odimlashda davom etmoqda.

OʻFA rasmiy saytida keltirilgan xabardan kelib chiqqan holda “Lokomotiv” rahbariyati OʻFA matbuot xizmatidan oxirgi jumla uchun tushuntirish berishni soʻraydi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra har bir inson kasbiy faoliyat yuritish huquqiga ega ekanligini eslatib oʻtadi», deya yozilgan bayonotda.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid