Futbol

“Manchester Siti” ilk marta ketma-ket ikkinchi yil Angliya liga kubogi finaliga chiqdi

“Manchester Siti” klubi Angliya liga kubogining 1/2 final javob uchrashuvi doirasida “Byorton” klubi mehmoni boʻlib, (1:0) hisobida gʻalaba qozondi.

Tomonlarning birinchi oʻyini Manchesterda boʻlib oʻtgan va unda Xosep Gvardiola shogirdlari 9:0 hisobida gʻalaba qozongandi. Bu safar Serxio Aguero tomonidan kiritilgan yagona gol umumiy natijani 10:0 koʻrinishiga olib keldi. Bu natija, shuningdek, turnir rekordiga ham aylandi. Jamoa Angliya liga kubogining ikki oʻyin natijasiga koʻra, eng yirik natijasini qayd etdi. Bungacha rekord ham aynan “Siti”ga tegishli boʻlib, jamoa 2014 yilgi mavsumda “Vest Hem”ni ikki oʻyin natijasiga koʻra, 9:0 hisobida magʻlub etgandi.

Bu natija orqali “shaharliklar” oʻz tarixida ilk marta ketma-ket ikkinchi yil ham Angliya liga kubogi finaliga yoʻllanma oldi. Oʻtgan mavsum finalida “Man Siti” hal qiluvchi bahsda “Arsenal”ni yirik (3:0) hisobda magʻlubiyatga uchratib, bosh sovrin sohibi boʻlgandi.

Agar “Siti” bu safar ham turnirda gʻalaba qozonsa, 9 yillik tanaffusdan soʻng ketma-ket ikki mavsum Angliya liga kubogini qoʻlga kiritgan ilk jamoaga aylanadi. Soʻnggi marta “Manchester Yunayted” (2008/09, 2009/10) bu ishning uddasidan chiqqan.

Joriy mavsum finalida “Manchester Siti” “Chelsi” va “Tottenhem” juftligi gʻolibiga qarshi maydonga chiqadi. Birinchi uchrashuvda shimoliy londonliklar oʻz uyida 1:0 hisobida gʻalaba qozongandi. Bugun “Chelsi” stadionida boʻlib oʻtadigan uchrashuvda ikkinchi finalchi nomi maʼlum boʻladi.

Angliya liga kubogi
Yarim final
Javob uchrashuvlari

Byorton – Manchester Siti 0:1 (0:1)
Gol: Aguero (26).
Byorton: Kollinz, Makfazin, Terner (Hatchinson, 40), Makkrori, Uolles, Mayers-Xarness, Miller, Eykins, Kuinn (Foks, 46), Templton, Boys (Deniel, 77).
Manchester Siti: Murich, Erik Garsiya, Danilo, Sandler, Delf, de Bryuyne (Mendi, 63), Zinchenko (Nmecha, 67), Mahrez, Foden, Poveda, Aguero (Gabriel Jezus, 63).
Dastlabki uchrashuv — 0:9.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid