Futbol

Ignatiy Nesterov qanday taqiqlangan modda isteʼmol qilgani maʼlum boʻldi

Oʻzbekiston terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterov Osiyo Kubogi davomida terma jamoa shifokorlarining ruxsatisiz va ularni ogohlantirmay vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilgani maʼlum boʻldi. Bu haqda OʻFA matbuot xizmati GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

OʻFA bayonotida yozilishicha, haqiqatan ham, Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi darvozaboni Ignatiy Nesterovdan Osiyo Kubogi doirasida olingan tahlillar natijasida uning qonida taʼqiqlangan modda aniqlangani haqida rasmiy xat Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va Nesterov ayni paytda toʻp surayotgan Saudiya Arabistonining “Uhud“ klubiga rasmiy xat yuborilgan.

Ammo mazkur xatda bu masala boʻyicha hozirda OFK Tartib-intizom qoʻmitasi ish olib borayotgani, hali yakuniy qaror qabul qilinmagani, ungacha esa bu maʼlumotni oshkor qilmay turish soʻralgan. Yakuniy qaror qabul qilingunga qadar Ignatiy Nesterov hech qaysi jamoa tarkibida maydonga tusha olmasligi ham xatda maʼlum qilingan.

“Shunga qaramay, “Uhud“ klubi oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bu maʼlumotni ommaga oshkor qilib, Nesterov doping qabul qilgani tufayli OFK tomonidan chetlatilgani haqida xabar tarqatdi. Bu esa professional klub maqomiga toʻgʻri kelmaydigan holatdir.

Terma jamoa shifokorlari Ignatiy Nesterov bilan bu masalada suhbatlashishganda, Nesterov Osiyo Kubogi davomida terma jamoa shifokorlarining ruxsatisiz va ularni ogohlantirmay vazn tashlashga yordam beruvchi dori qabul qilgani maʼlum boʻldi. OʻFA Ignatiy Nesterovning bu xatti-harakatini qoralaydi, shu bilan birga futbolchining ataylab taqiqlangan moddalarni qabul qilish maqsadi boʻlmaganini, bu dori tarkibidagi baʼzi moddalar taqiqalanganini bilmaganini maʼlum qiladi.

Vazn tashlash boks, kurash kabi sport turlarida sportchiga natijaga erishish uchun yordam berishi mumkin, ammo futbolda bu holatning natijaga erishishga umuman taʼsiri yoʻq. OFK mana shu jihatlarni ham oʻrganib chiqib, Tartib-intizom qoʻmitasi yigʻilishidan soʻng yakuniy qarorni qabul qiladi“, deyiladi OʻFA bayonotida.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid