Futbol

“Paxtakor”dan haydalib, “Lokomotiv”da ish boshlayotgan Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi “Bunyodkor” kafilligi sabab bekor boʻlgan ekan

Oʻzbekistonlik mutaxassis Samvel Babayanning Toshkentning “Lokomotiv” futbol klubida ish boshlashi yuzasidan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi izoh berdi.

Samvel Babayan Oʻzbekiston milliy terma jamoasi JCH-2018 yoʻllanmasini qoʻlga kirita olmaganidan soʻng isteʼfoga chiqarilgandi. Keyinroq tashkilot Samvel Babayanning bosh jamoadagi faoliyatini alohida oʻrganib chiqish talab etilgan oʻn mingdan ziyod maktubni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining portali orqali qabul qilib oldi. Aynan mana shu soʻrovlarga asosan 2018 yilning 15 yanvar kuni Samvel Babayanga nisbatan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ish ochdi hamda mazkur ish yakuniga qadar OʻFA Ijroqoʻmi murabbiyni futboldan chetlatdi.

Oʻrganishlar Samvel Babayan milliy terma jamoadan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalangandi degan xulosaga olib keldi. Shuning oʻziyoq uning uchun terma jamoalar eshiklarini yopish uchun yetarli boʻldi. Biroq keyinchalik OʻFA Ijroqoʻmiga “Bunyodkor” futbol klubi nomidan bildirgi taqdim etilib, Babayandan diskvalifikatsiyani olib tashlash soʻralgan.

“Bunyodkor” futbol klubi S.Babayanga shaxsiy kafil boʻlish tashabbusini bildiradi va unga qoʻllanilgan intizomiy chorani yengillashtirishni soʻraydi. Zero soʻnggi vaqtlarda davlat rahbarining shaxsan oʻzi bilib-bilmay aybli qilmish qilgan va oʻz aybidan chuqur pushaymon boʻlgan shaxslarni afv etmoqda. Oʻz navbatida aybini tan olgan va uni yuvish uchun mehnat qilishga tayyor turgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik prinsipini qoʻllagan holda yordam qoʻlini choʻzish zarur deb hisoblaymiz”, — deyiladi yozilgan bildirgida.

OʻFA Ijroqoʻmi aʼzolari mazkur xatni bir ovozdan yoqladi. Shu tariqa Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan ochilgan ish 2018 yilning 1 fevral kuni yopildi hamda Samvel Babayanning diskvalifikatsiyasi bekor qilindi.

Samvel Babayan termada faoliyat olib borgan davrda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, uning termaga bosh murabbiy etib tayinlanishi borasidagi qarorning uzviy davomidir. Bu holat Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasiga xulosa oʻrnida xizmat qilib, milliy terma jamoa bosh murabbiyi javob berishi kerak boʻlgan aniq talablar ishlab chiqilishi vazifa sifatida OʻFA Terma jamoalar boʻlimiga topshirildi. Unga koʻra, milliy terma jamoani keyingi oʻrinlarda Yevropa va Lotin Amerikasi futboli bilan yaxshi tanish boʻlgan, ulardagi ustun jihatlarni oʻzbekistonlik futbolchilarga oʻrgata olish salohiyatiga ega boʻlgan, shuningdek, faoliyati davomida koʻzga koʻrinarli yutuqlarni qoʻlga kiritgan mutaxassis boshqarishi kerak edi. OʻFA shundan kelib chiqqan holda milliy terma jamoaga taniqlik argentinalik mutaxassis Ektor Kuperni olib keldi.

“OʻFA bundan buyon Samvel Babayan Oʻzbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yoʻl qoʻymaydi. Qoʻshimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik koʻrsatmaydi”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid