Futbol

“Paxtakor” Osiyo jamoalarining eng yomon natijasini qayd etdi

Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo chempionlar ligasining 2018/19 yilgi mavsumida ham guruh bosqichida qolib ketdi.

Toshkentliklar guruh bosqichining 6-turida Saudiya Arabistonining “Al-Ahliy” klubiga qarshi uchrashuvning qoʻshimcha daqiqalarida gol oʻtkazib yubordi va 1:2 hisobida magʻlub boʻlib, guruhda uchinchi oʻringa tushib ketdi. Mazkur uchrashuvda “Paxtakor”ni durang natija ham qoniqtirardi. Guruhda Qatarning “As-Sadd” klubi 10 ochko bilan 1-oʻrin, “Al-Ahliy” 9 ochko bilan 2-oʻrinni egallab pley-offga chiqdi, “Paxtakor” 8 ochko bilan uchinchi boʻldi.

Shu tariqa, “Paxtakor” OCHL tarixida 10 marta guruh bosqichida qolib ketgan ilk Osiyo jamoasiga aylandi. Bunday antirekord boʻyicha keyingi oʻrinlarda biror marta guruhdan chiqa olmagan Qatarning “Ar-Rayyan” (9 marta) va Eronning “Sipohon” (8 marta) jamoalari bormoqda.

Maʼlumot uchun, “Paxtakor” Osiyo chempionlar ligasida jami 15 marta ishtirok etgan (bu borada faqat Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi toshkentliklar bilan tenglasha oladi). Toshkent jamoasi ikki marta yarim finalga yetib borgan, bir marta chorak finalda va bir marta nimchorak finalda ishtirokini toʻxtatgan, yana bir marta pley-off bosqichida yutqazgan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid