Futbol

OʻFA Superliga klublari soni oshirilganini tasdiqladi

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Litsenziyalash qoʻmitasi “Surxon” hamda “Dinamo” klublariga shartli ravishda Superliga yoʻllanmasini taqdim etdi, deya xabar bermoqda OʻFA rasmiy sayti.

Oldinroq, GoSport.uz oʻz manbalariga tayanib, jamoalar soni 14taga oshirilishi haqida xabar bergandi. OʻFA mazkur maʼlumotni tasdiqladi.

“Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hududlarda futbolni rivojlantirish yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yoʻlida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham OʻFA bilan toʻlaqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, OʻFA birinchi vitse-prezidenti mazkur qarorni quyidagicha izohlagan:

“Surxondaryo viloyati bir necha yillar davomida katta futboldan uzoqda qoldi. Erkinjon Turdimov mazkur viloyatga rahbar etib tayinlangach, viloyat futbolida ijobiy oʻzgarishlar kuzatila boshlandi. Ayni vaqtda “Surxon” futbol klubi Litsenziyalash qoʻmitasi ilgari surgan barcha talablarni bajardi. Viloyatdagi bosh stadionni taʼmirlashda ayni vaqtdagi hokim Bahodir Poʻlatov ham oʻz yordamini ayayotgani yoʻq. Erkinjon Turdimovning oʻzi esa endilikda Samarqand viloyatida futbolni koʻtarish ishlarini boshlab yubordi. Mazkur ishlar Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining eʼtiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, har ikki viloyatda millionlab futbol muxlislari katta futbolni sogʻinib qolgani uchun ham “Dinamo” va “Surxon”ga shartli ravishda Superliga yoʻllanmasini taqdim etish boʻyicha qaror qabul qilindi”, – degan Umid Ahmadjonov.

Bungacha Professional futbol ligasi 12ta klub ishtirok etishi uchun moʻljallangan format va reglamentni taqdim etib ulgurgandi. Keyinroq bu masala Litsenziyalash qoʻmitasi va OʻFA Ijroqoʻmi aʼzolari oʻrtasida tahlil qilingan.

“Unda qator fikrlar bildirildi, jamoalar sonining oshishi munozaralarga sabab boʻldi. Yakunda OʻFA Ijroqoʻmi Professional futbol ligasiga yangi talab boʻyicha ayrim bandlari oʻzgartirilgan reglamentni tasdiqdan oʻtkazish uchun bir hafta muhlat belgiladi. Qoʻshimchasiga, bugun — 25 fevral kuni boʻlib oʻtadigan Superliganing 2019 yilgi mavsumi uchun qurʼa tashlash marosimida “Surxon” va “Dinamo” vakillari ham ishtirok etishiga ruxsat berdi”, – deya taʼkidlangan rasmiy bildirishda.

Umid Ahmadjonov mazkur oʻzgarishdan koʻzlangan maqsadni quyidagicha tushuntirgan:

“Chempionat startiga bir necha kun qolganda shunday qaror qabul qildik. Bungacha Superliganing 12ta klubini oʻz talablarimiz boʻyicha ishlashga unday oldik. Endi esa yana ikki klub ularga yetib olish yoʻlida mehnat qiladi. Bizning maqsadimiz – iloji boricha kattaroq hududlarni futbol bilan qamrab olish, iloji boricha koʻproq muxlislarni futbolga qaytarishdan iborat. Mana shunday katta maqsadlar yoʻlida reglamentlardagi kichik oʻzgarishlargacha borishga tayyormiz”, — degan Umid Ahmadjonov.

Maʼlum qilinishicha, Superliganing yangi formati va uning atrofidagi qolgan jarayonlar haqida Professional futbol ligasi rasman maʼlumot beradi.

Eslatib oʻtamiz, bugun soat 18:45da Superliganing yangi mavsumi uchun qurʼa tashlash marosimi boshlanadi. Tadbir “Sport” telekanali orqali jonli namoyish etilishi belgilangan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid