Futbol

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Serbiyalik mutaxassis Lyubinko Drulovich Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasiga bosh murabbiy qilib tayinlandi. Bu haqda OʻFA rasmiy sayti xabar berdi.

Manba xabariga koʻra, tomonlar Tokio 2020 Olimpiadasiga qadar amal qiladigan shartnoma imzolagan. Unga Ravshan Haydarov yordamchi sifatida ishlaydi.

“Avvalambor menga bildirilayotgan ishonch uchun oʻzim va yordamchilarim nomidan rahmat aytaman. Biz birgalikda harakat qilib, Tokio Olimpiadasiga bora olamiz. Umid qilamanki, hamkorligimiz samarali boʻladi”, – dedi Drulovich.

Maʼlumot oʻrnida, Lyubinko Drulovich 1968 yilda tugʻilgan. Murabbiylik faoliyatida Angolaning “Agoshtu”, Serbiyaning “Partizan” klublarini, Serbiya va BAA oʻsmirlar terma jamoalarini, Makedoniya terma jamoasini boshqargan. Serbiya U19 bilan Yevropa chempionatida gʻalaba qozongan, BAA U19 bilan jahon chempionatiga chiqqan. 2013 yilda Serbiyaning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi 2019 yilning 22-26 mart kunlari Toshkentda oʻtadigan Osiyo chempionati saralashida ishtirok etadi. Qurʼaga koʻra, hamyurtlarimiz Hindiston, Tojikiston va Pokiston olimpiyachilari bilan F guruhidan oʻrin olgan. Saralashdan oʻtgan jamoalar 2020 yil 8-26 yanvar oraligʻida Tailandda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritadi. Unda 16ta jamoa ishtirok etadi, 1-3 oʻrinni qoʻlga kiritganlar Tokio – 2020 olimpiadasida qatnashish imkoniga ega boʻladi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid