Futbol

Oʻzbekiston OTJ yangi bosh murabbiy bilan Toshkentda ilk yigʻinini boshladi

Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasi 14-25 fevral kunlari Ispaniyaning San-Pedro-del-Pinatar shahrida yigʻin oʻtkazishi haqida avval xabar berib oʻtgandik. Ungacha terma jamoa bosh murabbiyi Lyubinko Drulovich Toshkentda yigʻin oʻtkazishga qaror qildi. Yigʻin davomida serbiyalik mutaxassis futbolchilar bilan yaqindan tanishib, ularning imkoniyatlari va jismoniy holatlarini koʻzdan kechiradi.

Toshkentdagi yigʻin 14 fevralga qadar davom etadi. Keyin Olimpiya terma jamoasi aʼzolari Ispaniyaga yoʻl olib, oʻsha yerda yigʻinni davom ettirishadi. Ispaniyadagi yigʻin davomida bir qator nazorat uchrashuvlari oʻtkazish rejalashtirilgan.

Bugun Lyubinko Drulovich va uning yordamchilari futbolchilar bilan dastlabki tanishuvni amalga oshirishdi. Uchrashuv davomida terma jamoa oldiga Tokio-2020 Olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritish vazifasi turganligi, ushbu vazifani amalga oshirish uchun bir tanu bir jon boʻlib harakat qilish kerakligi aytib oʻtildi. Shuningdek, futbolchilarga sogʻlom turmush tarziga rioya qilish, turli zararli odatlardan chetda boʻlish kerakligi yana bir bor uqtirildi.

Toshkentdagi yigʻin davomida Olimpiya terma jamoasi aʼzolari “Chigʻatoy” sport majmuasida va “Milliy” stadion mashgʻulotlar maydonida jismoniy mashqlar olib borishadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid