Futbol

Oʻzbekiston superligasi rejalashtirilgan muddatdan kechroq boshlanadi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempionati oʻyinlari 8 mart kunidan boshlab start oladi. Bu haqda PFL matbuot xizmati GoSport.uz internet-nashriga maʼlum qildi.

Rejaga koʻra, Superliganing 2019 yilgi mavsumi 1 mart kuni start olishi lozim edi. PFLdan maʼlum qilishlaricha, futbol klublari litsenziyalash talablarini yakunlab ulgurmagan. “Superligada klublar soni 10 ta qoldirilishi mumkinligi borasida avval ham xabar berilgan boʻlsa-da, bu holatdan ayrim jamoalar toʻgʻri xulosa chiqarmagan“, deydi PFL matbuot xizmati.

PFL komissiyasi 19 fevraldan boshlab futbol klublarini yakuniy tekshiruvdan oʻtkazadi hamda hafta yakunida Superligada toʻp suradigan klublar nomiga oydinlik kiritib oladi. 25 fevral kuni esa Superliganing yangi mavsumi uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtadi. 8 mart sanasidan esa chempionat start oladi.

Mart oyidagi FIFA kunlari, shuningdek, Oʻzbekiston olimpiya terma jamoasining Tokio-2020 yoʻlidagi saralash uchrashuvlari sabab ikkichi tur uchrashuvlari 21 kun muddatlik tanaffusdan soʻng oʻtkaziladi. Klublar 29 martdan boshlab 2-tur uchrashuvlarida maydonga tushishadi. Bunga qadar sara futbolchilar argentinalik hamda serbiyalik terma murabbiylari ixtiyorida boʻladi.

“PFL 2019 yilgi mavsumda format qanday boʻlishini 12 ta klubga moslab tuzib chiqqandi. Ammo yuqorida koʻrsatilgan muddatlarga qadar klublar ishlarini yakunlab ulgurishmasa, ular avtomatik ravishda bitta quyi ligaga tushiriladi. Jamoaning xalqaro maydonda ishtirok etishi yoki sovrinli oʻrinlar uchun kurashish qudratiga ega ekaniga emas, litsenziyalash talablarining bajarilishiga birinchi galda eʼtibor qaratiladi“ deyiladi PFL bayonotida.

Maʼlum boʻlishicha, 1 mayga qadar barcha futbol klublari uchun 2020 yilgi mavsum talablari aks etgan reglament rasman taqdim etiladi. Klublar yil davomida shuning ustida ishlashi kerak boʻladi. 31 oktyabr kuni esa PFL litsenziyalash jarayonini yakunlaydi. Mazkur muddatdan bir kun kech qolgan jamoalarning arizasi qabul qilinmaydi.

Professional futbol ligasi qurʼa va chempionat starti kabi marosimlar sanasi haqida maʼlumot kechikkani uchun futbol muxlislaridan uzr soʻragan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid