Boshqa sport turlari

Oʻzbekiston chempionatida jahon rekordi oʻrnatildi

Ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida jahon rekordi qayd etildi. Bu haqda GoSport muxbiri xabar bermoqda.

Samarqanddagi oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabida 2002 yil tugʻilgan va undan kichik yoshdagi oʻsmirlar oʻrtasida boʻlib oʻtayotgan Oʻzbekiston chempionatining qizlar oʻrtasidagi bahslarida, -64 kg vazn toifasida musobaqada ishtirok etayotgan Kumushxon Fayzullayeva dast koʻtarishda 97 kg toshni oʻziga boʻysundirgan holda musobaqa oltin medali bilan bir qator mazkur vazn toifasida oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon rekordini yangiladi.

Yoshlar oʻrtasida jahon chempioni, oʻsmirlar oʻrtasida olimpiada chempioni boʻlgan Fayzullayeva siltab koʻtarishda 121 kg, jami 218 kg natija bilan oʻz vazn toifasida tengsiz deb topildi.

Maʼlumot uchun, oʻsmirlar oʻrtasidagi Oʻzbekiston chempionatida yigitlar va qizlar oʻntadan vazn toifasida bahs yuritishmoqda. Besh kun mobaynida oʻtkaziladigan musobaqada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 250 nafardan ziyod oʻgʻil-qizlar ishtirok etishmoqda. Musobaqa 10 fevralga qadar davom etadi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid