Boshqa sport turlari

Oʻzbekistonda umrbod oylik toʻlanadigan sportchilar soni 57 nafarga yetdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida” qaroriga asosan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlari uchun umrbod oylik toʻlovlar toʻlab borilishi belgilangan edi.

Qaror ijrosini taʼminlash boʻyicha qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yilning 27 dekabridagi va joriy yilning 7 fevraldagi tegishli farmoyishlariga asosan, umrbod oylik toʻlov oladigan sportchilar roʻyxati tasdiqlandi.

Hozircha umrbod oylik toʻlov toʻlab boriladigan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindori soni 57 nafar.

Ularga Jismoniy tarbiya va sport vazirligining har yili tasdiqlanadigan Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan:

Oltin medal uchun — eng kam oylik ish haqining 10 barobari;
Kumush medal uchun — eng kam oylik ish haqining 5 barobari;
Bronza medal uchun — eng kam oylik ish haqining 5 barobari miqdorida umrbod oylik toʻlab boriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 oktyabrdagi 878-son qarori bilan tasdiqlangan Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlari gʻolib va sovrindorlariga toʻlanadigan umrbod oylik toʻlovlar toʻlash tartibi toʻgʻrisida nizomga asosan, umrbod toʻlovlarni olish uchun har yili 1 dekabrga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga ariza va pasport nusxasi taqdim etilishi shart.

Sportchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqsa yoki musobaqada boshqa davlat nomidan ishtirok etsa, butunjahon antidoping tashkiloti (WADA) tomonidan taqiqlangan dori vositalari qoʻllagani aniqlanib, Olimpiya va Paralimpiya gʻolib va sovrindorligidan mahrum etilsa, sud qaroriga muvofiq ozodlikdan mahrum etilsa, vafot etsa umrbod oylik toʻlov toʻxtatiladi.

Taʼkidlash joiz, sportchi kelgusi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida yana gʻolib va sovrindor boʻlsa, unga umrbod oylik toʻlovlar oshirilgan miqdorda toʻlanadi.

Quyidagi havolada umrbod oylik toʻlanadigan sportchilar roʻyxati bilan tanishib olishingiz mumkin.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid