Musobaqalar

2022 yildan Osiyo oʻyinlarida Okeaniya mamlakatlari ham ishtirok etadi

2022 yili Xitoyning Hangjou shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi Osiyo oʻyinlarida Okeaniya mamlakatlari ham ishtirok etadigan boʻldi. Bu haqda Bangkokda boʻlib oʻtayotgan Osiyo Olimpiya Kengashining 38-Bosh Assambleyasi vaqtida maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, Bosh Assambleya ishtirokchilari Okeaniya mamlakatlarini ham Osiyo sport bayrogʻi ostida birlashtirish uchun ushbu qarorni maʼqullashgan.

MOQ xabariga koʻra, bunday jarayon 2017 yili Turkmaniston poytaxtida oʻtkazilgan yopiq inshootlardagi va jangovar sport turlari boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo oʻyinlarida sinovdan oʻtkazilgan. Oʻsha musobaqada Okeaniya mamlakatlaridan Fiji 1 tadan oltin va kumush medallarini jamgʻarib, ushbu mintaqa vakillari orasida yetakchi boʻlgandi.

Shu tariqa 2022 yili Xitoyning Hangjou shahrida boʻlib oʻtadigan navbatdagi Osiyo oʻyinlarida Osiyo qitʼasi vakillari qatorida Okeaniya mamlakatlaridan tashrif buyuradigan atletlar ham medallar uchun bahs olib borishadi. Biroq Okeaniya mamlakatlari qaysi sport turlarida va qancha sportchi bilan ishtirok etishi borasida yakuniy qaror qabul qilinmagan.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid