Tennis

Iroda Toʻlaganova Oʻzbekiston tennisiga rahbarlik qiladi

Oʻzbekistonlik sobiq tennischi, dunyoning sobiq 16-raqamli raketkasi Iroda Toʻlaganova Oʻzbekiston tennis federatsiyasi Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi. Iroda 8 fevral kuni Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston tennis federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov Konferensiyasi davomida bu lavozimga munosib koʻrildi.

Toʻlaganova 20 yildan ortiq vaqt davomida bosh kotib sifatida faoliyat olib borgan Igor Shepelev oʻrniga mazkur lavozimda ishlaydigan boʻldi.

“Avvalambor bildirilgan ishonch uchun minnatchilik bildirmoqchiman. Federatsiyamiz raisi, bosh kotibiga ham rahmat. Aynan ularning qoʻl ostida men Iroda Toʻlaganova sifatida tanilganman. Bungacha ular tomonidan katta hajmdagi ish olib borilgan. Menga ishonganingiz uchun rahmat. Federatsiyamiz rivojlanishi uchun qoʻldan kelgan barcha ishni qilaman”, – deya Iroda Toʻlaganovaning soʻzlarini keltirmoqda MOQ rasmiy sayti.

Maʼlumot uchun, Iroda Toʻlaganova 1982 yilning 7 yanvarida tavallud topgan. Tennischilik faoliyati davomida yakkalik bahslarida 3 ta WTF, 3 ta ITF turnirlarida gʻalaba qozongan. Jahon reytingida 16-oʻringacha koʻtarilgan. “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni, “Shuhrat” medali sohibi sanaladi.

Maʼlumot uchun, Tennis federatsiyasiga Oliy Majlis Senati aʼzosi, Prezident maslahatchisi Rustam Inoyatov rahbarlik qiladi. Yuqorida sanalgan lavozimlar Inoyatovning asosiy ishi boʻlgani bois, tennis federatsiyasida amalda Bosh kotib asosiy ishni bajaradi.

Dolzarb xabarlar

Mavzuga oid